Jamiyat | 10:23 / 14.09.2024
5446
3 daqiqa o‘qiladi

Chortoqda 14 yoshli bolaning umriga zomin bo‘lgan Malibu haydovchisi 4 yilga qamaldi

Tanishining mashinasini hujjatlarsiz boshqarib, yosh bolani urib ketgan haydovchi tergov va sudning dastlabki eshituv davrida ochiqda qolgan edi. Kun.uz tanqididan so‘ng ehtiyot chorasi qamoqqa o‘zgartirilgan, hali sud yakuniga yetmay turib egasiga berib yuborilgan Malibu esa jarima maydonchasiga qaytarilgandi.

Namangan viloyatining Chortoq tumanida yosh bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchi jinoiy jazoga tortildi. Bu haqda ushbu sud majlisida qatnashgan Kun.uz muxbiri xabar berdi.

YTH 2024 yilning 16 iyun kuni sodir bo‘lgan. Velosipedida buvasining uyidan qaytayotgan, endigina 14 yoshni qoralagan Ibrohimjonni Malibu urib yuboradi. Zarba kuchidan bola omon qolmagan: sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida Ibrohimjonning “bosh miya ochiq jarohati, kalla gumbaz va asos suyaklari sinishi, bosh miya lat yeyishi va bosh miyaga qon quyilishi, tanadagi shilingan sharohatlar, posttravmatik shok, o‘pka va miya shishi”dan vafot etgani yozilgan.

Hodisani sodir etgan haydovchi A.D. savdodagi sherigining davlat raqami 50 J 249 TA bo‘lgan Malibu’sini tegishli hujjatlarsiz boshqarib ketayotgan bo‘lgan. Haydovchi va uning mashina ichida bo‘lgan hamrohi “45-50 km/s tezlikda kelayotgani, bola velosipedni to‘satdan yo‘lning avtomobil qatnov qismiga burib yuborgan”ini aytgan.

Bolaning onasi hodisa tergov hujjatlarida keltirilganidan boshqacha bo‘lganini aytgan.

O‘sha kuni hodisa yuz bergan ondayoq o‘g‘lim 3-darajali og‘ir komaga tushib qolgan. Ko‘p qon yo‘qotdi, avariyadan 2 soat o‘tmay kasalxonada vafot etdi. U yo‘l chetida ketayotgan bo‘lgan, Malibu 130 km/s tezlikda harakatlanib kelgan. Oldidagi Damas’ni quvib o‘taman deb, velosipedda ketayotgan bolamni urib yuborgan”, degan u.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudining hukmi bilan haydovchi A.D. Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi, ya’ni odam o‘lishiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati qoidalarini buzish jinoyatini sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tergov va sudning dastlabki eshituv davrida haydovchi A.D. ochiqda qolayotgandi. Hodisadan so‘ng jarima maydoniga qo‘yilgan Malibu mashinasi ham noma’lum sabablarga ko‘ra sud tugamay turib egasiga qaytarib berilgan. Biroq Kun.uz surishtiruvidan so‘ng ehtiyot chorasi qamoqqa o‘zgartirilgan va Malibu jarima maydonchasiga qaytarilgandi.

Mavzuga oid