O‘zbekiston | 17:02 / 14.09.2024
4269
3 daqiqa o‘qiladi

Maktab o‘quvchilari orqali fuqarolarga eslatma-xat yo‘llagan soliqchilarga hayfsan berildi

Ma’lum qilinishicha, Nishon tumani soliq inspeksiyasi rahbariyati tomonidan eslatmani aynan maktab hududida tarqatish haqida topshiriq berilmagan. Inspeksiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosariga ogohlantirish, ikki xodimga esa hayfsan berildi. (Viloyat soliq boshqarmasining bu axboroti ko‘p o‘tmay o‘chirildi).

Nishon tumani soliq inspeksiyasi xodimlari hududdagi 14-maktabga borib, o‘quvchilar orqali soliq to‘lovchilarga eslatma-xat tarqatgani keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada ikki soliqchi sinfga kirib, o‘quvchilarga jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan mol-mulk va yer soliqlarining to‘lov muddatlari haqida tushuntirish berib, eslatmalar tarqatgani aks etgan.

Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi ushbu soliqchilarga tayinlangan xizmat tekshiruvi natijasini ma’lum qildi. Unda keltirilishicha, soliqchilarga intizomiy jazo qo‘llangan.

“Joriy yil 4 sentabr kuni soliq inspeksiyasining Ishlab chiqarish va yordamchi xodimlar tarkibidan Ro‘zmamat Nurmanov va Bobur Hazratqulov tumandagi 14-sonli o‘rta maktab borib, 3-sinf o‘quvchilariga jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan mol-mulk va yer soliqlari haqida eslatmalarni ota-onalariga yetkazish uchun tarqatgan.

Inspeksiya rahbariyati tomonidan ushbu xodimlarga eslatmani aynan maktab hududida tarqatish haqida topshiriq berilmagan.

Xodimlar maktab o‘qituvchisi bilan kelishib, sinf xonaga kirgan holda o‘quvchilarga eslatmalarni tarqatgan. Holat sinf rahbari tomonidan videotasvirga olinib, sinf o‘quvchilari ota-onalarining Telegram’dagi guruhiga tashlab yuborilgan. Natijada ushbu videotasvir ijtimoiy tarmoqlarga salbiy talqinda tarqalib ketgan”, deyiladi boshqarma rasmiy munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, holat yuzasidan Nishon tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari I.Rahimqulovga rasmiy ogohlantirish berilgan. Xodimlar R.Nurmanov va B.Hazratqulovga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llangan. Shuningdek, barcha shahar va tuman soliq inspeksiyalari boshliqlari bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymasliklari yuzasidan ogohlantirilgan.

Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi rasmiy kanalida e’lon qilingan mazkur munosabat negadir ko‘p o‘tmay o‘chirib tashlandi.

Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati soliqchilarning ushbu harakatini noo‘rin deb hisoblashi va keskin qoralashini bildirgan, Bolalar ombudsmani esa mas’ullarni javobgarlikka tortishni talab qilgandi.  

Mavzuga oid