O‘zbekiston | 21:36 / 15.09.2024
13123
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya kansleri tashrifi doirasida 10 ga yaqin hujjat imzolandi

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Samarqand shahrida o‘tgan samarali muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya federativ respublikasi federal kansleri Olaf Shols qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi.

Umuman, rasmiy tashrif doirasida 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, shu jumladan:

- Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

- Veterinariya va chorvachilik sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo deklaratsiya;

- "Yashil Markaziy Osiyo" tashabbusi doirasida suv resurslaridan barqaror foydalanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo deklaratsiya;

- O‘ta muhim minerallar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya;

- Transport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

- Parij bitimi doirasida iqlim o‘zgarishi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum.

Bundan tashqari, 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan Texnologik sheriklik va sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilindi, shuningdek, O‘zbekiston va Germaniyaning yetakchi korxonalari darajasida bir qator bitim va shartnomalar tuzildi.

Mavzuga oid