Jahon | 19:45 / 16.09.2024
4866
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Rossiya armiyasi shtatlari sonini yana oshirdi

Vladimir Putin Rossiya Qurolli Kuchlari shtatini yana 180 mingtaga oshirishga oid qarorni imzoladi - ularning soni 2 million 389 mingga yetdi.

Foto: DPA

Vladimir Putin Rossiya Qurolli Kuchlari shtatini yana 180 mingtaga oshirishga oid qarorni imzoladi. Joriy yilning 1 dekabridan kuchga kiradigan hujjatga muvofiq, mamlakat Qurolli Kuchlarining shtati 2 million 389 mingdan oshmoqda.

Qayd etilishicha, ularning 1,5 million nafari harbiy xizmatchilar hisoblanadi. Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan beri Putin qurolli kuchlar kuch tuzilmalaridagi shtatlarni 2022 yil avgustda va 2023 yil dekabrda oshirgan edi. Birinchi marta harbiy xizmatchilar soni 137 ming kishiga, ikkinchisida esa 170 ming kishiga oshirilgan.

Urush boshlanishidan oldin Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari tarkibidagi harbiy xizmatchilar soni 1 million 13 ming 628 kishini tashkil etgan.

2024 yil 13 avgust kuni Bloomberg agentligi o‘z manbasiga tayanib, Rossiya hukumati harbiy xizmatchilar yetishmovchiligi sabab yangi safarbarlik to‘lqinini e’lon qilishi mumkinligi haqida yozgandi. Kreml va Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin uch manbaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya shu orqali Ukrainaga qarshi urushdagi yo‘qotishlarni qoplash niyatida.

O‘z navbatida Putin iyun oyida o‘tkazilgan Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Rossiyada yangi safarbarlikni boshlash ko‘zda tutilmaganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jangovar harakatlarda ishtirok etayotgan mavjud kontingent maqsadlarga tezda erishish uchun yetarli emas, ammo hozir Rossiya armiyasi qo‘mondonligi boshqacha taktikaga amal qilmoqda.

Mavzuga oid