O‘zbekiston | 12:59 / 17.09.2024
9706
13 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishning asosiy 6 yo‘nalishini bayon etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida boshlangan Markaziy Osiyo davlatlari va Germaniya yetakchilarining ikkinchi uchrashuvida ishtirok etmoqda. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati uning “Markaziy Osiyo – Germaniya” ikkinchi sammitidagi nutqi matnini e’lon qildi.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Sizlarni qutlashdan chin dildan mamnunman.

Samimiy qabul va uchrashuvimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun Qozog‘iston prezidenti, hurmatli Qosim-Jo‘mart Kemelevich To‘qayevga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Germaniya Federal kansleri hurmatli Olaf Shols Janobi Oliylariga mintaqamiz mamlakatlari bilan ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish tarafdori ekanligi uchun tashakkur izhor qilaman.

Bizning Berlindagi ilk uchrashuvimiz va bugungi sammit aniq, amaliy natijalarga erishishga qaratilgan ochiq va konstruktiv muloqotimizni davom ettirishga bo‘lgan umumiy intilishimizni yana bir bor tasdiqlamoqda.

Biz ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqiladigan bunday formatdagi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borishdan manfaatdormiz.

Hurmatli Federal kansler janobi oliylari!

Biz Germaniyaning mamlakatlarimizda olib borilayotgan demokratik o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, Markaziy Osiyodagi hamkorlik va integratsiyani qat’iy hamda o‘zgarmas qo‘llab-quvvatlashini yuksak qadrlaymiz.

Shuni alohida ta’kidlaymanki, bizning munosabatlarimiz chuqur tarixiy ildizlarga ega. XVIII asrdayoq Yevropadagi Ma’rifatparvarlik davrining buyuk bastakori Gendel o‘z ijodining shoh asarlaridan biri bo‘lgan “Amir Temur” operasini yaratgan. Buyuk shoir va faylasuf Gyote o‘zining bir qator mashhur asarlarini sivilizatsiya markazlari bo‘lgan qadimiy shaharlarimizga bag‘ishlagan.

Yana bir tarixiy misolni keltiraman. XX asr boshida Markaziy Osiyoning bir guruh iste’dodli, taraqqiyparvar yoshlari Germaniyaning yetakchi universitetlarida tahsil olishgan va keyinchalik ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ilgari surish, mintaqamiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga katta hissa qo‘shganlar.

Ta’kidlamoqchimanki, biz bugun Germaniyani barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy maqsadlarga erishishda muhim hamkorlarimizdan biri sifatida ko‘ramiz.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan chuqur, fundamental o‘zgarishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Biz ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘ydik, chegara, suv, energetika, savdo, tranzit bilan bog‘liq ko‘plab muammolarni mustaqil hal qilayapmiz.

Yaqinda bu yerda, Ostona shahrida mintaqa davlatlari rahbarlarining oltinchi uchrashuvini o‘tkazdik.

Mintaqaning xalqaro sub’yekt sifatidagi o‘rni mustahkamlanmoqda, jahonning yetakchi mamlakatlari bilan “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi hamkorligi kengaymoqda.

Mintaqa ichidagi savdo aylanmasi, investitsiyalar, yuk tashuvlari, fuqarolarimizning sayyohlik tashriflari ko‘rsatkichlari bir necha barobar o‘sdi.

Biz “yashil” energetika va transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishni muhokama qilayapmiz.

Tajriba va texnologiyalarni almashyapmiz, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida zamonaviy korxonalar tashkil etayapmiz, kooperatsiya loyihalarini rag‘batlantirish bo‘yicha moliyaviy vositalarni joriy qilayapmiz.

Eng muhimi, mintaqamizning ertangi kuni, uning xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti faqat bizning siyosiy irodamiz va sa’y-harakatlarimizga bog‘liq ekanini aniq tasavvur qilmoqdamiz.

Biz yevropalik sheriklarimiz, eng avvalo, Yevropa Ittifoqining mamlakatlarimiz bilan hamkorlik bo‘yicha strategiya va ko‘p tomonlama dasturlarining asosiy tashabbuskori bo‘lgan Germaniyaning qiziqishlarini samimiy olqishlaymiz.

Kelgusi yili “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi navbatdagi sammitni O‘zbekistonda, uchrashuvimiz kun tartibidagi asosiy mavzuni mintaqa kelajagiga investitsiyalar deb belgilagan holda, o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayapmiz.

Hurmatli hamkasblar!

Mojarolar va urushlar, umuman, global miqyosdagi beqarorlik va vaziyat qaysi tomonga o‘zgarishi noaniq bo‘lib qolayotgani, sanksiyalar siyosati, proteksionizmning kuchayishi va boshqa ko‘plab omillar mamlakatlarimizga haddan tashqari salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, milliy islohotlarimizni amalga oshirishda jiddiy sinovga aylanmoqda.

Kechagina hurmatli Olaf Shols janobi oliylari bilan Samarqanddagi muzokaralarimiz chog‘ida men bugungi uchrashuvimizdan kutayotgan yuksak natijalar haqida fikr almashdim.

Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoda Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha qarashlarimizni bayon etishni istar edim.

Birinchi. Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida o‘rnatilgan mintaqa barqarorligi, barqaror rivojlanishi va farovonligini ta’minlash bo‘yicha umumiy manfaatlarimizga javob beradigan strategik mintaqaviy hamkorlikni yuksak qadrlaymiz.

Ustuvor sohalarda dasturiy tadbirlarni qamrab olgan uzoq muddatli Hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Ushbu hujjatni ishlab chiqish uchun “Markaziy Osiyo – Germaniya” tahliliy markazlari Forumini ta’sis etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qilamiz.

Uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yili mintaqadagi qadimiy shaharlardan biri, nemis-mennonitlarining katta jamoasi yashagan Xivada o‘tkazishga tayyormiz.

Sammitlarimiz kun tartiblarini tayyorlashda mamlakatlarimiz tashqi siyosat idoralari rahbarlarining yillik uchrashuvlari muhim rol o‘ynaydi, deb hisoblaymiz.

Ikkinchi. Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan investitsion va texnologik sheriklik.

Ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekistonda nemis kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilgan va istiqbolli loyihalar umumiy portfeli 20 milliard yevrodan oshmoqda. Ular energetika, kimyo, tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Sheriklarimiz orasida – Germaniyaning yetakchi, jumladan, “Simens”, “Linde”, “BASF”, “MAN”, “Klaas”, “Xenkel”, “Knauf” va boshqa ko‘plab kompaniyalari so‘nggi bir necha yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 6 milliard yevro sarmoya kiritdi.

Bugun bizda nemis biznesi vakillari bilan istiqbolli rejalarni muhokama qilish imkoniyati bor.

Ishbilarmonlar hamkorligini rivojlantirish maqsadida quyidagilarni taklif etaman: Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya sarmoyaviy va texnologik hamkorligini kengaytirishning yo‘l xaritasini ishlab chiqish; chegara hududlarida yaratilayotgan alohida iqtisodiy va sanoat zonalaridagi hamda mintaqaviy ahamiyatga ega yirik infratuzilma loyihalarni amalga oshirishga yetakchi nemis kompaniyalari va banklarini jalb etish; doimiy biznes-muloqot maydonchasi – “Markaziy Osiyo va Germaniya” investor va tadbirkorlari kengashini ishga tushirish. Uning birinchi uchrashuvini kelgusi yili Toshkent investitsiya forumi doirasida O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyormiz; investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama hukumatlararo bitimni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish.

Uchinchi. Germaniyaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida muhim xom-ashyo resurslari sohasida sheriklik.

Avval ham qayd etganimizdek, mintaqamiz foydali qazilmalarga boy. Germaniya mineral resurslar agentligi va nemis kompaniyalari bu sohada bizning muhim sheriklarimiz bo‘lishi mumkin.

Bu o‘rinda gap geologiya razvedkasi, jadal o‘zlashtirish, qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga yetkazib berish loyihalari haqida bormoqda.

O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlardagi bunday loyihalarni birgalikda amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor.

Mintaqamizda muhim xomashyo va nodir yer osti metallari aniqlangan konlarining raqamli kartasini yaratish bo‘yicha dasturni ishlab chiqishda Germaniya texnik ko‘magini jalb etish istiqbollidir. Bunday hamkorlikning ishonchli huquqiy bazasini shakllantirish muhim deb hisoblaymiz.

To‘rtinchi. “Yashil” energetika.

So‘nggi yillarda mamlakatlarimizda quyosh, shamol, gidroenergetika faol rivojlanmoqda, issiqlik stansiyalari va tarmoqlari modernizatsiya qilinmoqda, “yashil” vodorod loyihalari ilgari surilmoqda.

Energetika vazirliklari, korporatsiyalar, operatorlar, ilmiy tashkilotlar, loyiha institutlari va tarmoq ekspertlarini jalb etgan holda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Germaniya bilan Energetik muloqotini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Biz Germaniya texnik ko‘magini jalb etgan holda kam uglerodli iqtisodiyot sohasida mutaxassislarimiz salohiyatini oshirish kompleks dasturini tayyorlashdan manfaatdormiz.

Beshinchi. Iqlim o‘zgarishlariga birgalikda javob qaytarish.

Ekspertlar prognoziga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasi global isish oqibatlariga nihoyatda bog‘liq bo‘lib qolmoqda. O‘rtacha haroratning oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘proq bo‘lmoqda.

“Yashil Markaziy Osiyo” dasturlari ikkinchi doirasi ishga tushirilgani va iqlim o‘zgarishlariga mintaqaning moslashuviga ko‘mak uchun nemis tomoniga minnatdorlik bildiraman.

Biz Atrof muhim va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universiteti bazasida qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy almashuvlarni amalga oshirishdan, suvdan oqilona foydalanishda nemis texnologiyalarini joriy etish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, bioxilma-xillikni saqlash, mutaxassis-ekologlarni tayyorlashda hamkorlik dasturlarini qabul qilishdan manfaatdormiz.

Germaniya Kanslerining Markaziy Osiyo tabiat hamkorligini yaratish bo‘yicha tashabbusini amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyormiz va qo‘llab-quvvatlaymiz.

Oltinchi. Transport kommunikatsiyalarining, jumladan, yer usti va havo tashuvlarining zaif rivojlanganligi sherikligimizni chuqurlashtirishda eng katta to‘siq bo‘lmoqda.

Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirishga Yevropa institutlarini jalb etishda Germaniya ko‘magiga tayanamiz.

Kelgusi yili ushbu yo‘nalishlar tranzit salohiyatini oshirish yo‘llarini izlash bo‘yicha vazirlar qo‘shma konferensiyasini o‘tkazishni taklif etamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

O‘tgan yili Berlin yangi muzeyida mintaqamiz madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ko‘rgazma bunday tadbirlarni doimiy tashkil etish zarurligini yana bir bor tasdiqladi.

Ko‘rgazmaga bir necha oy davomida milliondan ortiq Germaniya poytaxti aholisi va mehmonlari tashrif buyurdi. 

Biz mamlakatlarimizda Madaniy tadbirlar qo‘shma rejasi qabul qilinishi tarafdorimiz, Germaniyaning yirik shaharlarida san’at va kino kunlari o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni va muzey fondlari hamkorligini o‘rnatishni taklif etamiz.    

Ilmiy-ma’rifiy almashuvlar sohasida yetakchi oliygohlar sherikligi uchun platformani ishga tushirish, Gyote instituti va Germaniyaning boshqa tashkilotlari nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish muhim, deb hisoblaymiz.  

Shu yozda Gyottingen shahrida o‘tgan Butunjahon olimpiadasida o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarining g‘alaba qozongani ham yoshlarimizning nemis tilini o‘rganishga bo‘lgan yuksak qiziqishiga yorqin misoldir. 

Sayyohlik va mehnat migratsiyasi sohasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish fuqarolarimiz uchun viza tartiblarini yengillashtirishga xizmat qiladi.

Hurmatli hamkasblar!

Terrorizm va ekstremizm, kiberjinoyatchilikka qarshi kurash, yoshlarning radikallashuvining oldini olish bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirish muhim, deb hisoblaymiz.

Markaziy Osiyodagi xavfsizlik sohasidagi vaziyat Afg‘onistonda ro‘y berayotgan jarayonlar bilan uzviy bog‘liqdir.

O‘z muammolari bilan deyarli yakka o‘zi qolgan ushbu mamlakatda gumanitar inqirozning chuqurlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim, deb hisoblaymiz.

Shu munosabat bilan Germaniya va Yevropadagi boshqa sheriklarimiz bilan ushbu mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka jalb etish, Termizdagi ta’lim markazida kadrlar, jumladan, xotin-qizlarni, Afg‘oniston tinch hayoti uchun zarur bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.

So‘zimning nihoyasida shuni alohida ta’kidlamoqchiman, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasi bilan Germaniya ko‘p qirrali hamkorlik salohiyatini yanada to‘liqroq ro‘yobga chiqarishdan manfaatdordir.

Ishonchim komil, bugungi uchrashuvimiz mamlakat va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi, strategik sherikligimizni aniq loyiha va dasturlar bilan to‘ldirishga imkon beradi.

Mavzuga oid