Jahon | 22:28 / 19.09.2024
8379
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Harbiy-dengiz kuchlari Xitoy bilan urushga tayyorgarlik rejasini e’lon qildi

Reja 2027 yilgacha Xitoy Xalq Respublikasi bilan ehtimoliy urushga tayyorlikni ta’minlashni nazarda tutadi.

Foto: Getty Images

AQSh Harbiy-dengiz kuchlari 2027 yilgacha Xitoyga qarshi harbiy harakatlar o‘tkazish imkoniyatiga tayyorlanmoqda, deyiladi admiral Liza Franketti tomonidan tayyorlangan hujjatda (.pdf).

Navigatsiya rejasi (NAVPLAN) ikkita strategik maqsadga erishishga qaratilgan: 2027 yilgacha Xitoy Xalq Respublikasi bilan ehtimoliy urushga tayyorlikni ta’minlash va dengiz flotining uzoq muddatli ustunligini kuchaytirish.

Franketti o‘z rejasida Xitoy rahbari Si Jinping tomonidan o‘z armiyasini 2027 yilgacha «jahon darajasidagi» darajaga yetkazishga haqidagi ikki yil avval aytilgan bayonotiga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, hujjatda Rossiya harbiy-dengiz floti «Qora dengizdagi yo‘qotishlarga qaramay, Uzoq Shimolda, Atlantika, O‘rta Yer dengizi, Boltiqbo‘yi va Shimoliy Tinch okeanida jangovar kuchini saqlab qolgani» haqida qisqacha eslatib o‘tiladi.

G‘arb davlatlari Xitoyning Tayvanga nisbatan siyosatini bir necha bor tanqid qilib, orolga bostirib kirilgan taqdirda harbiy choralar ko‘rish bilan tahdid qilib kelmoqda. 2022 yilda qabul qilingan Shimoliy Atlantika alyansi konsepsiyasida Xitoy «tizimli muammo» deb nomlangan.

Iyun oyida AQSh Hind-Tinch okeani qo‘mondonligi rahbari admiral Samuel Paparo agar Xitoy Tayvanga hujum qilsa, AQSh Tayvan bo‘g‘ozida «dronlar do‘zaxini» uyushtirmoqchi ekanini aytgan edi.

Xitoy Tayvanni o‘zining ajralmas hududi deb biladi va orol hukumatiga har qanday tashqi yordamni, shu jumladan xorijiy delegatsiyalar tashrifini Xitoy suverenitetini buzish deb hisoblaydi.

Mavzuga oid