Do‘stona davlatlar bo‘ylab turne. Shoyguning KXDR, Eron va Suriyaga tashriflari ortida nima bor?
Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu o‘tgan hafta oxiridan buyon avvaliga KXDRda bo‘ldi, keyin Suriya va Eronga o‘tdi. Uning Kremlga do‘stona munosabatda bo‘lgan, AQSh tomonidan «yovuzlik o‘qi» deb ataladigan chiziqda joylashgan mamlakatlar bo‘ylab turnesi bir tomonda g‘arb mulozimlarining Rossiya o‘z ittifoqchilaridan raketalar olayotgani haqidagi bayonotlari yangrayotgan, ikkinchi tomonda Moskva Ukraina o‘z hamkorlaridan olgan raketalar bilan Rossiya hududi bo‘ylab zarba yo‘llashga ruxsat berilishidan xavfsirayotgan fonda amalga oshirildi. Shoygu aynan nimalarni muhokama qilgan bo‘lishi mumkin va uning turnesi nimani anglatadi?
Sergey Shoygu o‘rniga Andrey Belousov mudofaa etib tayinlanganidan buyon uch yarim oy vaqt o‘tganiga qaramay, vazirlikda yuqori lavozimli mulozimlar qo‘lga olinishi davom etayotgan bo‘lsa-da, Shoyguning o‘zining boshqaruv apparatidagi pozitsiyasi, aftidan, jabrlanmagan. Endilikda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi bo‘lgan ushbu mulozim uchun o‘tgan ish haftasi ancha tig‘iz kechdi — u ko‘p bor parvoz qilib, turli darajada muzokaralar o‘tkazdi.
Avvaliga Shoygu Pxenyanga uchib borib, KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashdi, xabar qilishlaricha, ular ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik muloqotni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilishgan. Shundan keyin Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Damashqqa uchdi, bu yerda u prezident Bashar Asad bilan «xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalari»ni muhokama qildi.
Shoyguning navbatdagi manzili Tehron bo‘ldi — u bu mamlakatga oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan kelgan. Eron poytaxtida avvaliga u o‘z hamkasbi — Eron milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Akbar Ahmadiyon bilan uchrashdi, keyin esa mamlakatning yaqinda saylangan prezidenti Ma’sud Pizishkiyon bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Rossiyaning TASS davlat agentligiga ko‘ra, Shoygu prezidentga «Vladimir Putinning nomasi»ni yetkazgan va «erishilgan kelishuvlar bo‘yicha qandaydir hisobot»ni taqdim etgan. Pizishkiyon bunga javoban Tehron va Moskva munosabatlari «doimiy, uzluksiz va uzoq muddatli asosda rivojlanib borishi»ga va’da berdi, deya xabar bergan Eronning IRNA davlat agentligi. Erondagi IRIB telekanali qo‘shimcha qilishicha, Shoygu va Ahmadiyon ikki tomonlama aloqalar istiqbollarini muhokama qilishgan.
Hamkorlik shartnomalari
Eronga tashrifi oldidan Shoygu Rossiya Moskva hamda Tehron o‘rtasidagi yangi kelishuvni imzolash uchun zarur bo‘lgan «ichki protseduralar»ni yakunlayotganini aytgandi.
Rosiya va Eron o‘rtasidagi munosabatlar asoslari va hamkorlik tamoyillari to‘g‘risidagi shartnoma 2001 yilda Moskvada imzolangan. Bir yil o‘tib u kuchga kirgan va har besh yilda muddati avtomatik tarzda uzaytirilgan. Ammo yigirma yil o‘tib, 2022 yil yanvarida, Eronning oldingi prezidenti Ibrohim Raisiy tashrifidan so‘ng OAVda kelishuvning yangi versiyasi ustida ish boshlangani haqida yozildi.
Joriy yil fevralida Rossiyaning Tehrondagi elchisi Aleksey Dedov «RIA Novosti» uchun intervyusida imzolashga tayyorlanayotgan hujjatni «yaqin yillar, balki kelgusi o‘n yilliklar uchun Rossiya-Eron hamkorligini belgilab beruvchi eng asosiy hujjat» deb atadi.
Ammo oradan ikki yil o‘tib ham shartnoma imzolanmadi. Joriy yil aprelida hujjat imzolanishi muddati haqidagi savolga Rossiya TIVdagilar «taxminiy sanalar ma’lum emasligi»ni bildirdi. «Joriy yil boshida loyiha yuqori darajada tayyor edi, ammo keyin eronlik hamkorlar bizda, Rossiyaning o‘zida idoralararo yangi tasdiqlashni talab etadigan bir qancha tuzatishlarni kiritishdi», — degandi TASS muxbiriga Rossiyaning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, TIVning Osiyo bo‘yicha ikkinchi departamenti direktori Zamir Kabulov. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu tuzatishlar qayta ishlanganidan keyin» Rossiya tomoni bu variantni eronliklarga topshirgan va javob kutmoqda.
Shundan ko‘p o‘tmay prezident Raisiy aviahalokatda vafot etadi va prezidentlik saylovlari o‘tkazilib, unda Ma’sud Pizishkiyon g‘alaba qozonadi. Ayrim ekspertlar avvaliga
Pizishkiyon va uning ortida turgan elitaning bir qismi G‘arb bilan aloqa o‘rnatishga moyil bo‘lishi mumkinligini, shu bilan bir vaqtda, elitaning konservativ qismi qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikka e’tibor qaratishini istisno qilmagandi.
Ammo bu xavotirlarning barchasi behuda bo‘lib chiqdi — kelishuv Eron prezidenti Ma’sud Pizishkiyonning joriy yil oktyabrida Qozon shahrida o‘tkaziladigan BRIKS sammitiga tashrifi chog‘ida imzolanadi.
«Vedomosti» gazetasi qayd etishicha, Rossiyaning Eron bilan kelishuvi Moskvaning Mo‘g‘uliston, Vetnam va KXDR bilan kelishuvlarining muqobilidir.
Bunday kelishuv shu yil yozida Vladimir Putinning Pxenyanga ikki kunlik tashrifi chog‘ida ham imzolangandi. Hujjat ishtirokchilardan biriga tajovuz qilgan holatda o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. O‘shanda ekspertlar kelishuv bir tomondan Ukrainadagi urushda Shimoliy Koreya tomonidan qo‘llab-quvvatlov uchun huquqi asos bo‘lishini, ikkinchi tomondan, Kim Chen Inga yadroviy arsenalga ega hamda BMT Xavfsizlik huquqida veto huquqiga ega bo‘lib, unga qarshi har qanday yangi sanksiyalarni bloklashi mumkin bo‘lgan ittifoqchi berishini qayd etishgandi.
Eronga ham, KXDRga ham bu juda zarurdir.
Ballistik raketalar yetkazib berilishi
Rossiyaning Xitoy, Shimoliy Koreya va Eron bilan munosabatlarini chuqurlashtirishi Kremlning Rossiya harbiy-sanoat bazasini mustahkamlash va Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlash uchun strategik va iqtisodiy hamkorlikni ta’minlay oladigan, o‘ziga do‘stona bo‘lgan mamlakatlar koalitsiyasini tuzishga qaratilgan sa’y-harakatlarining bir qismidir, deya yozadi Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti har kungi hisobotida.
Bu sa’y-harakatlar G‘arbdagilar e’tiboridan chetda qolmayapti. Sentyabr oyi boshida Wall Street Journal gazetasi yevropalik va amerikalik anonim mulozimlarga tayangan holda Eron allaqachon Rossiyaga qisqa masofada harakatlanuvchi ballistik raketalarining ilk partiyasini yuborgani haqida xabar bergandi. CNN telekanali ham razvedkadagi ikki manbasiga asoslangan holda Eron bu raketalarni «allaqachon yetkazib bergani»ni tasdiqladi.
Shundan keyin, Sergey Shoyguning turnesi boshlanishi arafasida, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Eron Rossiyaga raketalar yetkazib bergani haqida rasman ma’lum qilib, Tehronni Ukrainadagi urushni keskinlashtirishda aybladi. Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya ham AQShga qo‘shildi — bu to‘rt mamlakat Eron ballistik raketalari Rossiyaga eksport qilinishini «Yevropa xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid» deb atadi.
BBC ning yozishicha, Tehron Moskvaga bergani aytilayotgan Fath-360 — yaqin radiusda harakatlanuvchi ballistik raketa bo‘lib, uning uchish masofasi 120 km atrofida va jangovar kallagi og‘irligi 150 kg. G‘arb razvedkalaridagi manbalarga ko‘ra, u yuqori aniqlikda harakatlanishi bilan ajralib turadi.
Rossiyaga Shimolyi Koreya raketalari yetkazib berilgani haqida g‘arblik rasmiylar anchadan buyon gapirib kelishadi. Joriy yil boshida Oq uy milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi Vashingtondagi brifingda Pxenyan Moskvaga uchirish uskunalari hamda o‘nlab raketalar yetkazib berganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu raketalarning harakatlanish masofasi 900 kilometrni tashkil etadi, ammo u brifing chog‘ida namoyish etgan xaritada raketalardan birining uchish masofasi 400 km atrofida ekani ko‘rsatilgan.
Rossiyada mavjud bo‘lgan «Iskander-M» raketa kompleksi uchiradigan ballistik raketalar uchish masofasi 500 km bilan chegaralangan. Lekin AQShdagilar oldinroq «Iskander-M» kompleksi foydalanadigan 9M729 raketasi aslida undan ham uzoqroqqa uchishi mumkinligi aytilgandi.
Taktika emas, strategiya
Sergey Shoyguning Pxenyan, Damashq va Tehronga tashriflari Ukraina hamda uning g‘arblik hamkorlari o‘rtasida Kiyevga G‘arb raketalarini Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba yo‘llashda foydalanishga ruxsat berish bo‘yicha munozaralar davom etayotgan pallaga to‘g‘ri keldi.
Gap birinchi navbatda Britaniya va Fransiya tomonidan ishlab chiqilan Storm Shadow (yoki SCALP) qanotli raketalari haqida boradi. Unda Amerika komponentlari ham mavjud, shuning uchun ittifoqchilar uni qo‘llashda AQShning ham roziligini olishi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, ukrainlar Amerikaning quruqlikdan uchiriluvchi va 300 km masofaga harakatlanuvchi ATACMS ballistik raketalarini ham olishni istamoqda. Bu raketa ayniqsa ochiq joydagi, yaxshi himoyalanmagan inshootlarga zarba berishda qo‘l keladi.
Ammo Starmer va Bayden o‘rtasida dam olish kunlari o‘tkazilgan muzokaralarda bu borada kelishuvga erishilmagan. Nima bo‘lganda ham, bu haqda rasmiy xabar berilmadi. Lekin britaniyaliklar bosh vaziri mavzu yuzasidan muloqot BMT Bosh assambleyasida, «kattaroq doirada» davom ettirilishini aytdi.
Muzokaralar yakunlariga ko‘ra Britaniya hukumati rahbari AQSh prezidenti bilan uchrashuvda «qandaydir muayyan qaror» bo‘yicha gap ketmaganini bildirgan — uning aytishicha, tomonlar «Ukraina, Yaqin Sharq va Hind-Tinch okeani mintaqasi» bo‘yicha o‘zaro mos keluvchi strategik qarashlarni muhokama qilgan. Starmer Ukrainada ham, Yaqin Sharqda ham «yaqin haftalar va oylarda chindan ham muhim voqealar ro‘y berishi»ni qo‘shimcha qilgan.
Rossiya Yaqin Sharqdagi mojaroga tortilmoqda
Rossiya 2022 yil fevralida Ukrainaga bostirib kirgach, Moskva, Pekin, Tehron va Pxenyan «yanada jipslashdi», degan Britaniyaning Times gazetasiga NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg. Uning intervyusi Sergey Shoygu o‘z turnesini yakunlagan kunda e’lon qilindi.
Tehron Moskvaga yuborgan ballistik raketalar partiyasi haqida gapirarkan, yevropalik mulozim Rossiya ularni «tekinga» qo‘lga kiritmayotganiga urg‘u qaratgan. «Biz shundan tashvishdamizki, Rossiya Eronga uning raketa dasturlarida yordam beradigan texnologiyalarini berishi mumkin. Rossiya olgani uchun to‘lov qiladi va bu Eronning imkoniyatlarini mustahkamlaydi», — deya qayd etgan Stoltenberg.
G‘arb siyosatchilari va razvedkachilari raketa dasturidan tashqari Rossiya Eronga yadroviy qurol yaratish imkoniyatlarini yaqinlashtirishi mumkin bo‘lgan maxfiy texnologiyalar bilan bo‘lishi orqali ham javob qaytarishi mumkinligidan ham xavotirlanmoqda. Ammo Moskva va Tehron o‘rtasidagi o‘sib borayotgan hamkorlikka boshqa tomondan ham qarash mumkin.
Ekspertlar Eron uzoq yillardan buyon yadroviy qurolga ega bo‘lishni istashidan tashqari, Tehronning yana bir muhim harbiy vazifasi aviatsiyani kuchaytirish hamda havo hujumidan mudofaa tizimini takomillashtirish ekaniga e’tibor qaratmoqda — ayniqsa Yaqin Sharqdagi keskinlik va Isroil bilan qarama-qarshilik kuchayib borayotgan sharoitda.
2023 yil oxirida Eron Rossiyaning Mi-28 rusumli zarbdor vertolyotlari, Su-35 qiruvchilari hamda Yak-130 o‘quv-jangovar samolyotlari xaridi bo‘yicha kelishuvga erishganini rasman e’lon qilgandi.
Ukrainaga G‘arb qurollari yetkazib berilishini ushbu mamlakatlarning mojaroga aralashuvi sifatida baholayotgan Moskvaning o‘zi ham Tehron bilan yaqindan harbiy-texnik hamkorlik qilish orqali Yaqin Sharqdagi mojaro ishtirokchisi deb hisoblanishi mumkin. Holbuki yaqin-yaqingacha Moskva bu mintaqada barcha kuchlardan bir xil masofa saqlashga urinib kelgan.
Hozircha Rossiya rahbariyati mintaqada Isroil va AQShga qarshi kurashuvchi eronparast kuchlarni ochiq qo‘llashdan ehtiyot bo‘lmoqda, ammo betaraf bo‘lib kuzatish va to‘laqonli ishtirok etish o‘rtasida juda ko‘p oraliq bosqichlar bor, deya yozgan sharqshunos Nikita Smagin Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasi saytida.
Ammo sentabrda sharqshunos Ruslan Suleymanov OAVdagi xabarlar hamda husiychilar orasidagi o‘z manbalariga asoslangan holda Rossiya Bosh razvedka boshqarmasidan bo‘lgan maslahatchilar endilikda gumanitar tashkilotlar xodimlari niqobi ostida Sanoda ishlayotgani haqida xabar bergan. Amerika nashrlari esa Kreml husiychilarga qurol yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani, ammo AQSh va Saudiya Arabistoni tomonidan bosim tufayli hozircha bu fikrdan voz kechishga majbur bo‘lgani haqida yozgan.
Mavzuga oid
18:54 / 09.11.2024
Seul: Shimoliy Koreya GPS-signallarni uzib, kemalar va aviatsiyaga xalaqit bermoqda
13:49 / 09.11.2024
Rossiyaga o‘qish maqsadida rekord darajada KXDR fuqarolari kirib keldi
09:28 / 09.11.2024
Shoygu: Ukrainadan RFga «strategik mag‘lubiyat» yetkazish uchun qurol sifatida foydalanish rejasi barbod bo‘ldi
11:17 / 07.11.2024