Qozog‘iston 2022 yildan beri 2,3 mlrd dollarlik aktivlarni davlat hisobiga qaytardi
Kapitallar Avstriya, Fransiya, Lixtenshteyn, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Rossiya va boshqa davlatlardan qaytarib kelingan.
2022 yildan beri Qozog‘iston hukumati mamlakatdan noqonuniy olib chiqilgan 1 trillion tenge (2,3 milliard dollardan ortiq) miqdoridagi aktivlarni davlat mulkiga qaytardi. Bu haqda respublika korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Asxat Jumagali korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengash yig‘ilishida ma’lum qildi.
Jumagalining so‘zlariga ko‘ra, kapitallar Avstriya, Fransiya, Lixtenshteyn, BAA, Turkiya, Rossiya va boshqa davlatlardan qaytarib kelingan. Gap pul ko‘rinishidagi aktivlar, kompaniyalardagi ulushlar, ko‘chadigan va ko‘chmas mulklar haqida ketmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengash 2013 yilda tuzilgan. U MDHning sohaviy hamkorlik organi hisoblanadi va poraxo‘rlikka qarshi kurash masalalarida davlatlarni muvofiqlashtirish uchun mo‘ljallangan.
2022 yil yanvar oyida mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev xorijga sarmoya olib chiqish holatlarini tekshirishni buyurdi. Fevral oyida To‘qayev hukumat oldiga Qozog‘istondan noqonuniy olib chiqilgan pullarni qaytarish rejasini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.
2022 yilning yozida respublikadan olib chiqilgan aktivlarni qaytarish bilan shug‘ullanuvchi idoralararo komissiya tashkil etildi. Idoraga mamlakat bosh prokurori rahbarlik qiladi, shuningdek, To‘qayev komissiya faoliyatini shaxsan nazorat qiladi.
2023 yilning dekabr oyida Qozog‘istonda qonunga zid ravishda berilgan va foydalanilmayotgan 10 million gektar yer davlat mulkiga qaytarilgani xabar berilgandi.
Shuningdek, o‘tgan ikki yil davomida birinchi prezident Nursulotn Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldiuli davlatga 1,6 mlrd dollardan ortiq qiymatli mulklarni qaytargan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qaytarilgan aktivlar qatoriga ma’muriy binolar, eksklyuziv zargarlik buyumlari, hashamatli uylar, kvartiralar va avtomobillar, kompaniyalardagi ulushlar, Olmaotadagi biznes markazi, tijorat ko‘chmas mulki, temiryo‘llar va mablag‘lar, shu jumladan xorijdan olingan mablag‘lar kiradi.
U Qozog‘iston davlat idoralaridan millionlab dollar mablag‘larini o‘marishda ayblanib, hibsga olingandi. Avgust oyida Sotiboldiuli yetkazilgan zararni qoplagani bois ozodlikka chiqishi xabar qilindi.
Bundan tashqari, 2023 yilda Nazarboyevning sobiq qudasi Qayrat Bo‘ronboyev qaramog‘idagi millionlab dollarlik mulklarni davlatga topshirganidan so‘ng qamoqdan chiqarildi.
Mavzuga oid
12:47 / 22.11.2024
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obektlari xavfsizligini kuchaytirdi
12:33 / 21.11.2024
Qozog‘iston holdingi O‘zbekistondan 169 nafar mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi
16:29 / 19.11.2024
Qozog‘istonda magistral yo‘lda o‘rtacha tezlikni oshirganlar jarimaga tortiladi
20:59 / 18.11.2024