O‘zbekiston | 18:30 / 20.09.2024
4397
2 daqiqa o‘qiladi

Hokim va mahalliy Kengash raisi lavozimlari bir-biridan ajratildi

Senat ma’qullagan qonunda hokim mahalliy Kengash raisi bo‘la olmasligi belgilandi.

Senatning navbatdagi majlisida «Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ma’qullandi.

Qonunga ko‘ra, hokim va mahalliy Kengash raisi lavozimlari bir-biridan ajratildi. Endi hokim mahalliy Kengash raisi bo‘la olmasligi belgilandi.

Shuningdek, xalq deputatlari Kengashlariga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, u o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirishi belgilandi, u vakolat muddati tugaguniga qadar lavozimida ishlaydi.

Bundan tashqari, xalq deputatlari Kengashlari va hokimlar tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarni Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi talab mustahkamlandi. Bunda ushbu tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Qonun bilan viloyat, tuman, shahar hokimi vakolatlari va vazifalariga ayrim o‘zgartirishlar kiritilib, ularga ko‘ra hokim o‘z nomzodini ko‘rib chiqishda mahalliy Kengashga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi belgilandi.

Shu bilan birga, Qonunda mahalliy Kengash raisi vakolatlari ham kengaytirilib, «Kengash so‘rovi» va «Kengash tekshiruvi» institutlari joriy etilish nazarda tutilmoqda.

Mavzuga oid