Jahon | 11:50 / 21.09.2024
1287
3 daqiqa o‘qiladi

Gurjistonda saylovlardagi qonunbuzarliklar YeI bilan vizasiz rejimga tahdid solishi mumkin

Gurjistonda bo‘lajak saylovlardagi qonunbuzarliklar uning YeI bilan vizasiz rejimining to‘xtatilishiga olib kelishi mumkin, dedi YeIning Tbilisidagi elchisi Gerchinskiy.

Foto: Zurab Tsersvadze / AP

Yevropa Ittifoqi mamlakatda bo‘lajak parlament saylovlari adolatsiz o‘tkazilsa, Gurjiston bilan vizasiz rejimni to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 20 sentabr, juma kuni YeIning Tbilisidagi elchisi Pavel Gerchinskiy ma’lum qildi. «Barcha variantlar, jumladan, Gurjiston uchun vizasiz rejimni vaqtinchalik to‘xtatib turish ham muhokamada», — deya uning so‘zlarini keltiradi OAV.

Gerchinskiyning eslatishicha, 2020 yilda Belarusdagi prezidentlik saylovlaridan so‘ng Yevropa Ittifoqi unga qarshi aynan soxtalashtirishlardan so‘ng yangi sanksiyalar joriy qilgan. «Agar Gurjistondagi saylovlar erkin va adolatli deb tan olinmasa, Yevropa Ittifoqi Belarusga nisbatan ko‘rilgan choralar kabi choralar ko‘rishi mumkin», dedi u jurnalistlarga.

AQSh Gurjistonda «demokratiyaga putur yetkazilgani» uchun sanksiyalar kiritdi

AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Gurjistondagi «asosiy erkinliklarga, jumladan, so‘z erkinligiga putur yetkazgan» shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Cheklov choralari haqida 16 sentabr kuni Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Cheklovlar «tinch namoyishchilar va siyosiy muxoliflarga qarshi shafqatsiz repressiyalar» bilan bog‘liq Gurjiston hukumatining ikki mansabdor shaxsiga hamda yig‘ilishlar va so‘z erkinligini zo‘ravonlik bilan bostirishda bevosita yoki bilvosita ishtirok etgan ikki xususiy shaxsga nisbatan qo‘llangan.

Ro‘yxatda Gurjiston Ichki ishlar vazirligining maxsus topshiriqlar bo‘yicha departamenti rahbari Zviad Xarazishvili va uning o‘rinbosari Mileri Lagazauri bor. Bundan tashqari, ro‘yxatga o‘ta konservativ rossiyaparast Alt-Info («Alt-info») platformasi yetakchilari Zurab Maxaradze va Konstantin Morgoshiya ham kiritilgan.

Vashingtonga ko‘ra, birinchi ikkisi «chet el agentlari» qonuniga qarshi namoyishlarni bostirish bilan aloqador. OFAC qo‘shimcha qilishicha, Alt-Info rahbarlari 2021 va 2023 yillarda jurnalistlar, ozchilik guruhlari va nodavlat notijorat tashkilotlari idoralariga bosim o‘tkazishda ishtirok etgan.

Mavzuga oid