Toshkentda katta tezlikda harakatlangan haydovchi 19 yoshli qizning hayotiga zomin bo‘ldi
Haydovchi “Mashinamga o‘lik ortmayman”, deb hali tirik bo‘lgan qizni shifoxonaga olib borishdan bosh tortgan. Oqibatda tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelguncha qiz jon bergan.
Toshkentda katta tezlikda harakatlangan “Jyentra” mashinasi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan qizni urib yuborgan. Oqibatda og‘ir tan jarohatlari olgan qiz hodisa joyida halok bo‘lgan.
Hodisa 18 sentabr kuni soat 11:30 larda Shayxontohur tumani Samarqand darvoza va Abu Ali ibn Sino ko‘chalari kesishmasida sodir bo‘lgan.
2005 yilda tug‘ilgan qiz o‘ziga yo‘l ochiq bo‘lgan paytda piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotganda katta tezlikda harakatlanib kelgan “Jyentra” uni urib yuborgan. Oqibatda 19 yoshli qiz og‘ir tan jarohati olib hodisa joyida halok bo‘lgan. “Jyentra” boshqaruvida 1996 yilda tug‘ilgan yigit bo‘lgan.
Hodisa guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, qiz mashina urib yuborgandan so‘ng bir muddat tirik bo‘lgan. “Jyentra” haydovchisi uni kasalxonaga olib borishdan bosh tortgan. Tez tibbiy yordam mashinasi yetib kelguncha u jon bergan.
“Odam urib ketdi deyishdi. Jonholatda pastga tushdim. Kelib qarasam qiz og‘ir ahvolda yotgan ekan. Haydovchiga ko‘tar, yordam ber, dedim. U bo‘lsa qo‘lida chilimini ko‘tarib olgan, “mashinamga ortmayman”, deb javob berdi. Biroz o‘tib qiz jon berdi. Haydovchi juda katta tezlikda kelgan. Men ikkinchi qavatdan tushib, to buyoqqa kelgunimcha qiz tirik edi. Keyin 5 minutdan so‘ng jon berdi. Tez yordam mashinasi keyin keldi”, deydi hodisa guvohlaridan biri.
“Nimadir aylanib uchib tushdi, pastga tushib kelib qarasam qiz ekan. Mashina Oqtepa tarafdan katta tezlikda kelgan. Haydovchi 70-80 km tezlikda yurdim dedi, lekin men ishonmadim. Chunki 70-80 km tezlikda yursa, buncha qattiq zarb bilan urmasdi. Mashina juda tez bo‘lgan va zarba oqibatida qiz 15 metrga uchib ketgan. “Jyentra” esa svetofor va elektr liniyasi ustuniga borib urilgan”, deydi boshqa bir guvoh.
“Haydovchi qizni urib yuborgandan so‘ng mashinasidan tushdi-da, “o‘likni mashinamga ortmayman”, dedi. Haydovchida afsuslanish ham yo‘q edi. Agar u zudlik bilan yordam berganda balki qiz tirik qolarmidi”, deydi hodisa guvohi.
“Farishtaday qizimning boshini yedi. Insof, vijdoni yo‘q ekan. Ota-onasi ta’ziyaga kelib bir og‘iz ko‘ngil so‘ramadi. Yigit ozodlikda yurganmish. Ertaga o‘zining o‘ligi ko‘chada xor bo‘lsin. Yigitga qonuniy jazo berilishini xohlayman, deydi qizning otasi.
Boshqa bir guvohning so‘zlariga ko‘ra mashina urib yuborgandan so‘ng qiz bir muddat tirik bo‘lgan. U onasini, otasini so‘ragan, so‘ng jon bergan.
Ma’lum bo‘lishicha, qiz Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida tahsil olgan va eng a’lochi o‘quvchilardan biri bo‘lgan.
Hodisa guvohlaridan yana biri qizning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi qamoqqa olinishi kerakligini, shuningdek, Jinoyat kodeksining 266-moddasi qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini, odam o‘limiga sababchi bo‘layotgan haydovchilarga jazolar yanada keskinlashtirilishi lozimligini aytdi.
Mavzuga oid
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
20:04 / 21.11.2024
Otasining yoniga ko‘milgan qizaloqlar: opa-singil mast “poygachi”ning qurboni bo‘ldi
19:18 / 21.11.2024
Toshkentning ikkita ko‘chasida harakat 19 kunga cheklanadi
17:26 / 21.11.2024