Jahon | 21:31 / 23.09.2024
19860
2 daqiqa o‘qiladi

Ichida XKS kosmonavtlari bo‘lgan kapsula Qozog‘iston hududiga kelib qo‘ndi

Ekipajning barcha a’zolari o‘zini yaxshi his qilmoqda. Tibbiy tekshiruvdan keyin kosmonavtlar vertolyotda Qarag‘anda aeroportiga yetkazilgan bo‘lib, ular Moskvaga uchib ketadi.

Foto: RIA Novosti

Qozog‘istonning Jyezqozg‘on shahridan 147 kilometr janubi-sharqqa «Soyuz MS-25» kosmik kemasining kapsulasi muvaffaqiyatli qo‘ndi, deb xabar beradi «Kazinform».

Qayd etilishicha, «Rosmosmos» kosmonavtlari Oleg Kononenko, Nikolay Chub va NASA astronavti Treysi Daysonni tibbiyot xodimlari, qutqaruvchilar, Kosmonavtlarni tayyorlash markazi xodimlari kutib olgan.

Kapsula ichidan birinchi bo‘lib besh marotaba kosmosga uchgan, yetti marta ochiq kosmosga chiqqan va hozirga qadar kosmosda eng ko‘p muddat — 1111 sutka vaqt o‘tkazgan Oleg Kononenko chiqarib olingan. Nikolay Chub uchun esa bu birinchi ekspeditsiya bo‘lsa-da, u qariyb 1 yil davom etdi. Amerikalik Treysi Dayson bo‘lsa uch marotaba kosmik parvozni amalga oshirgan va kosmosda 184 sutka bo‘lgan.

Ekipajning barcha a’zolari o‘zini yaxshi his qilmoqda. Tibbiy tekshiruvdan keyin kosmonavtlar vertolyotda Qarag‘anda aeroportiga yetkazilgan bo‘lib, ular Moskvaga uchib ketadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Roskosmos» kosmonavtlari Oleg Kononenko va Nikolay Chub orbitada 374 sutka ishladi — bu Xalqaro kosmik stansiya (XKS) tarixidagi eng uzoq davom etgan dasturdir.

Mavzuga oid