Jahon | 11:10 / 23.09.2024
14162
3 daqiqa o‘qiladi

OSINT-tahlilchi: «Sarmat» qit’alararo ballistik raketasi sinov paytida portlab ketdi

X ijtimoiy tarmog‘ida sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar paydo bo‘ldi, ularda Plesetskdagi poligonda «Sarmat» raketasi portlashi natijasida paydo bo‘lgan chuqur o‘ra tasvirlangan.

Foto: X / MeNMyRC

Arxangelsk viloyatidagi «Plesetsk» kosmodromida, aftidan, RS-28 «Sarmat» qit’alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazish amalga oshirilgan va u muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Bu haqda bir qator ommaviy axborot vositalari OSINT-tahlilchisi, ya’ni ochiq manbalardan ma’lumot to‘playdigan va razvedka ma’lumotlarini nashr etuvchi MeNMyRC foydalanuvchisi deb atagan shaxsning X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida aytilgan.

Xulosa sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar asosida tuzilgan bo‘lib, ularda raketa portlashidan chuqur o‘ra aks etgan. «Raketa shaxta ichida portlab, ulkan krater qoldirgan va sinov maydonini vayron qilgan. «Sarmat» suyuq yonilg‘ida ishlaydigan raketa bo‘lgani uchun bu avariya uchirish faoliyati bilan bog‘lanmagan holda sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin», — deyiladi postda.

MeNMyRC foydalanuvchisi ma’lumotlariga ko‘ra, poligon hududidagi yong‘in NOAA-20 va SUOMI NPP sun’iy yo‘ldoshlari tomonidan qayd etilgan.

«Sarmat» qit’alararo ballistik raketasi

«Agar bu (raketa portlashi) yonilg‘i quyish jarayonida sodir bo‘lgan bo‘lsa, buni voqea sodir bo‘lgan kuni Cobra Ball faolligi kuzatilmagani bilan izohlash mumkin», — deydi tahlilchi. «Agenstvo» internet nashri tushuntirganidek, gap FlightRadar24 portaliga ko‘ra, «Sarmat» raketasi sinovini kuzatish uchun AQSh harbiy-havo kuchlarining Alyaskadagi bazasidan uchgan Amerikaning Boeing RC-135S Cobra Ball razvedka samolyoti haqida bormoqda.

Aniqlik kiritilishicha, «Sarmat» raketasining «birinchi va oxirgi» muvaffaqiyatli uchirilishi 2022 yilning 20 aprelida Rossiyada amalga oshirilgan. Agar joriy muvaffaqiyatsiz sinov haqidagi ma’lumotlar tasdiqlansa, u ketma-ket to‘rtinchi bo‘ladi, deb eslatadi MeNMyRC.

O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi aprel oyida Astraxan oblastidagi Kapustin Yar poligonida qit’alararo ballistik raketa muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgani haqida e’lon qilgandi. Biroq, raketaning nomi ko‘rsatilmagan.

2023 yil sentabr oyida Rossiyaning «Roskosmos» davlat korporatsiyasi «Sarmat» strategik raketa tizimi «jangovar navbatchilikka» qo‘yilganini e’lon qildi.

Vladimir Putin 2018 yilda Federal majlisga qilgan chiqishida «Sarmat» raketasi nafaqat Shimoliy qutb orqali, balki Janubiy qutb orqali ham nishonlarga hujum qila olishi, raketaga qarshi mudofaa tizimini yengib o‘tishi va yuqori quvvatga ega yadroviy vositalar, shu jumladan gipertovushli qurollarni olib yurishini ta’kidlagan edi.

Mavzuga oid