Jahon | 22:57 / 25.09.2024
3291
2 daqiqa o‘qiladi

NASA Yupiterga eng katta kosmik kemani uchirishga tayyorlanmoqda

Europa Clipper apparatining 2030 yil aprel oyida Yupiter orbitasiga chiqishi rejalashtirilgan.

Foto: NASA

NASA Yupiterning yo‘ldoshi Yevropani tadqiq qilish bo‘yicha birinchi missiyasini boshlashga tayyorlanmoqda. 10 oktyabr kuni agentlik unga Europa Clipper apparatini jo‘natadi. Uni orbitaga SpaceX kompaniyasining Falcon Heavy raketasi yordamida olib chiqish rejalashtirilgan.

Ushbu yirik loyiha 2015 yilda boshlanib, 2034 yilda tugaydigan deyarli yigirma yilni o‘z ichiga oladi. Umumiy qiymati 5,2 milliard dollarni tashkil qiladi.

Yevropa Yupiterning 95 ta tabiiy yo‘ldoshi ichida eng kattalaridan biridir. Planetologlar fikriga ko‘ra, uning muzli qobig‘i ostida sho‘r okean yashiringan. Ushbu missiya doirasida unda hayotni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan organik birikmalar va energiya manbalari mavjudligini aniqlash rejalashtirilmoqda.

Clipper zondi NASA tarixidagi eng katta kosmik kemadir. Uning uzunligi taxminan 30 metrga va eni 18 metrga yetadi. Katta o‘lchami tufayli ba’zi ekspertlar uning qariyb 3 milliard kilometr masofani bosib o‘tish qobiliyatiga shubha bildirmoqda.

Ammo NASA xotirjam: qurilma butun safar davomida uni energiya bilan ta’minlay oladigan katta quyosh panellariga ega.

Yevropa sari sayohat taxminan 5,5 yil davom etadi. Agar hammasi rejadagidek bo‘lsa, zond 2030 yil aprel oyida Yupiter orbitasiga chiqish uchun dvigatellarini ishga tushiradi. Keyin u sayyorani maksimal balandlikda 50 marta aylanib o‘tadi.

Ushbu missiya davomida u gaz giganti atrof-muhitini batafsil o‘lchaydi. Bundan tashqari, Yupiter Yernikidan 20 ming marta kuchliroq magnit maydon bilan o‘ralganligi ma’lum. U kosmik kemaga zarar yetkazishi yoki hatto uni o‘chirishga qodir. Clipper nozik elektronika uchun maxsus radiatsiya himoyasiga ega, ammo bu real sharoitlarda yetarli bo‘ladimi yoki yo‘qmi, noma’lum. Xavfni kamaytirish uchun NASA zondni eng xavfli hududlardan qochishga o‘rgatgan.

Mavzuga oid