O‘zbekiston | 16:17 / 25.09.2024
4096
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: “Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini yaratdik”

“Eng quyi bo‘g‘in – mahalla darajasiga tushgan holda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini yaratdik”, – dedi Shavkat Mirziyoyev OIIB Boshqaruvchilari kengashining Samarqand sammitida. Uning so‘zlariga ko‘ra, 4 yil ichida mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 23 foizdan 11 foizga tushirishga erishilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishida nutq so‘zladi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari OIIB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi mintaqamizda ilk bor o‘tkazilayotganini ta’kidladi. “Bu nufuzli anjumanning navbatdagi, to‘qqizinchi majlisi uchun aynan O‘zbekiston tanlanganini biz o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorligimizning yuksak namunasi, deb bilamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston muhim global va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish, ularga samarali yechimlar topish uchun xalqaro muloqot maydoniga aylanib borayotgani qayd etildi. OBIIning yillik yig‘ilishida ham dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridan 2 mingga yaqin vakil qatnashmoqda.

Shavkat Mirziyoyev “dunyodagi tahlikali vaziyat” sharoitida “moliyaviy resurslar qariyb 2 barobar qimmatlashgani”ni ta’kidlab, bunday sharoitda xalqaro moliya tashkilotlarining roli yanada oshib borayotganini qayd etdi.

“Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki qisqa davr ichida 55 milliard dollarlik loyihalar portfeli bilan nafaqat mintaqa, balki jahon miqyosidagi eng nufuzli moliya tashkilotlaridan biriga aylanganini alohida e’tirof etish lozim”, – ta’kidladi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, “so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar va tub o‘zgarishlar jadal amalga oshirilmoqda”. To‘rt yil ichida mamlakatdagi kambag‘allik darajasini 23 foizdan 11 foizga tushirishga erishilgan. Joriy yil bu ko‘rsatkichni 9 foizgacha, 2030 yilga qadar esa 2 barobar pasaytirish maqsad qilingan.

“Bizning islohotlarimiz tub negizida tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, odamlarimiz uchun barcha sohalarda yangi ish o‘rinlarini va daromad manbalarini ko‘paytirishdek ustuvor vazifa mujassam.
Shu bilan birga, aholining sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, eng og‘ir hududlarda infratuzilma tarmoqlarini barpo etishni qamrab olgan “ko‘p o‘lchovli” kambag‘allikni qisqartirish dasturini amalga oshiryapmiz.
Shu bois ilg‘or xorijiy yondashuvlar asosida eng quyi bo‘g‘in – mahalla darajasiga tushgan holda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Yaqinda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori janob Abxijit Banerji “O‘zbekistondagi mahalla tizimi har bir muhtoj oilani kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha o‘zining noyob retseptiga ega”, deb ta’kidlagani ham bejiz emas”, – dedi prezident.

Davlat rahbari ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarga to‘xtalib, so‘nggi 8 yilda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 74 foizga, oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 38 foizga oshirilgani, yangi maktablar qurilib, qo‘shimcha 800 mingta o‘quvchi o‘rni yaratilganini aytdi. Kelgusi 3-4 yilda maktabgacha ta’lim qamrovini kamida 80 foizga yetkazish, 2025 yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosida har yili 100 tadan yangi maktablarni ishga tushirish reja qilingan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirishni umummilliy harakat deb e’lon qilgandi.

Mavzuga oid