Jahon | 20:30 / 26.09.2024
2097
3 daqiqa o‘qiladi

NATO ehtimoliy uchinchi jahon urushiga rejalar tayyorlamoqda

Alyans generallaridan birining so‘zlariga ko‘ra, bu kabi urush katta ehtimol bilan «keng jang maydoniga» ko‘chadi va NATO uchun jiddiy yo‘qotishlarga olib keladi.

Foto: AFP

NATO uchinchi jahon urushi boshlangan taqdirda yaradorlarni front chizig‘idan keng ko‘lamli evakuatsiya qilish rejasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda alyansning logistika bo‘yicha qo‘mondonligi boshlig‘i general-leytenant Aleksandr Sollfrank ma’lum qildi.

Sollfrankning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi urush katta ehtimol bilan «keng jang maydoniga» ko‘chadi va NATO uchun jiddiy yo‘qotishlarga olib keladi. Generalning ta’kidlashicha, Rossiya Harbiy-kosmik kuchlarining imkoniyatlari kengligi bois yaradorlarni havo orqali evakuatsiya qilish katta xavf tug‘dirishi mumkin, shuning uchun sanitar poyezdlardan foydalanish yaxshiroq. «Vazifa yaradorlarga eng yomon sharoitda tezkor va sifatli yordam ko‘rsatilishini ta’minlashdan iborat», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Sollfrank, shuningdek, NATO tibbiyot qoidalarini birxillashtirish muhimligini qayd etdi. Yaradorlarga kerak bo‘ladigan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining erkin harakatlanishini ta’minlash uchun «Harbiy-tibbiy Shengen»ning yaratilishi shu kabi yechimlardan biriga aylanishi mumkin.

Daily Mail’ning yozishicha, tibbiy evakuatsiyani rejalashtirish — NATOning Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorgarligining bitta elementi xolos. Chunki 22 yanvardan 31 mayga qadar 1988 yildan beri NATOning eng yirik Steadfast Defender o‘quvlari o‘tkazilgan. Unda 90 mingdan ortiq harbiy xizmatchi, 50 dan ziyod kema, 80 dan ortiq samolyot, vertolyot va dronlar, shuningdek, 1,1 ming jangovar mashinalar, jumladan, 133 ta tank ishtirok etgan.

Ushbu manyovrlar ehtimoliy Rossiya bosqiniga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida o‘tkazilgan va unda Buyuk Britaniya, Germaniya, Vengriya, Gretsiya, Polsha, Finlandiya, Shvetsiya kabi Yevropa davlatlari ishtirok etgan edi. 2024 yil yanvar oyida Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius G‘arb davlatlari yaqin 3-5 yil ichida Rossiyaga qarshi urushga faol tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini aytgan edi.

Mavzuga oid