RF husiychilar bilan ularga raketalar yetkazish bo‘yicha yashirin muzokara olib bormoqda - Reuters
Eron husiychilarga kemalarga qarshi raketalarni topshirish bo‘yicha muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etmoqda. Putin G‘arbning Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi qurollar yetkazib berishiga javoban, mojaro zonalariga xuddi shu sinfdagi o‘z qurollarini yetkazib berish bilan tahdid qilgan.
Rossiya Eron vositachiligida Yamanning husiychi isyonchilari bilan P-800 «Oniks» (eksport versiyasida «Yaxont») kemalarga qarshi qanotli raketalarini yetkazib berish bo‘yicha yashirin muzokaralar olib bormoqda, deb xabar berdi Reuters 24 sentabr, seshanba kuni g‘arbdagi va mintaqaviy manbalarga tayanib.
Agentlik suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar may oyi oxirida vertolyot qulashida halok bo‘lgan Eronning sobiq prezidenti Ibrohim Raisiy davrida boshlangan. Ikki mintaqaviy rasmiyning aytishicha, Rossiya va husiychilar vakillari Tehronda bu yil kamida ikki marta uchrashgan, kelgusi haftalarda yana ko‘p uchrashuvlar bo‘lishi kutilmoqda. Biroq, Reuters manbalariga ko‘ra, Rossiya raketalarni husiychilarga topshirish bo‘yicha qaror qabul qilgani yo‘q.
«Eronliklar bu muzokaralarda vositachilik qilmoqda, biroq ularga qo‘shilishni istamayapti», dedi g‘arb razvedkasidagi manba Reuters agentligiga.
Rossiyaning «Oniks» raketalari
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 300 kmgacha uchish masofasiga ega bo‘lgan Rossiyaning P-800 «Oniks» raketalari husiychilarga Qizil dengizdagi tijorat kemalarini aniqroq urish imkonini beradi va AQSh va Yevropa harbiy kemalariga tahdidni oshiradi. Avvalroq, Reuters ma’lum qilganidek, Rossiya Livanning «Hizbulloh» harakati uchun bunday raketalarni yetkazib bergan edi.
Reuters manbalarining fikricha, husiychilarga raketa yetkazib berish masalasini ko‘rib chiqish Ukrainaga Rossiya ichidagi nishonlarga uzoq masofali qurollardan o‘q otish imkoniyatini muhokama qilayotgan G‘arb davlatlari pozitsiyasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Amerika rasmiysiga ko‘ra, AQSh delegatsiyasi Saudiya Arabistonidagi hamkasblari bilan Rossiya va husiychilar o‘rtasidagi muzokaralarni muhokama qilgan. Agentlikning uch nafar suhbatdoshi saudiyaliklar Rossiya vakillariga raketa yetkazib berish bo‘yicha AQSh xavotirlarini bildirganini aytdi.
Yaman husiychilari rasmiy vakili Muhammad Abdel-Salom jurnalistlarning raketa muzokaralari haqidagi savoliga javoban, u bu haqda «hech qanday tasavvurga ega emasligini» aytdi.
Putinning Ukrainaga harbiy yordam yuzasidan tahdidlari
Iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arbning Ukrainaga uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollar yetkazib berishiga javoban Rossiya o‘zining shu sinfdagi qurollarini dunyoning «nozik nishonlarga zarba beriladigan» mintaqalariga yetkazib berishga haqli ekanligini aytdi.
Avgust oyi boshida Amerikaning CNN media-kompaniyasi manbalarga tayanib, Rossiya iyul oyi oxirida husiychilarga raketa va harbiy texnika yetkazib berishga tayyorlanayotgani, biroq Saudiya Arabistoni ogohlantirishlari tufayli oxirgi lahzada undan voz kechgani haqida xabar bergan edi. CNN manbalariga ko‘ra, Rossiya hukumati husiychilarni qurollantirish va ularga maslahat berishni Bayden ma’muriyatidan Ukrainaga AQSh tomonidan taqdim etilgan qurollar yordamida Rossiya hududiga zarbalar yo‘llashga ruxsat bergani uchun qasos olish usuli sifatida qaragan.
2023 yil noyabr oyidan beri Yaman husiychilari Qizil dengizdagi kemalarga muntazam hujum qilib kelmoqda. Isyonchilar Isroil bilan bog‘liq har qanday kemaga hujum qilishlarini aytib, o‘z harakatlarini «Amerika-Isroilning G‘azo sektoridagi tajovuziga» javob deb atadi. Shu bilan birga, nafaqat harbiy kemalar, balki turli mamlakatlarning ko‘plab savdo kemalari ham hujumga uchradi. Hujumlar tufayli yirik yuk tashish kompaniyalari kemalarning Suvaysh kanali orqali o‘tishini to‘xtatib qo‘ygan yoki ularni boshqa yo‘nalishlar bo‘ylab jo‘natyapti.
Mavzuga oid
01:16
AQSh raketalari yordamida yo‘llangan birinchi zarbalardan keyin Rossiya aksiyalari 2 mlrd dollarga quladi
23:54 / 19.11.2024
Chexiya yuzlab maktablardagi portlash tahdidlarida rossiyalik josuslarni aybladi
22:07 / 19.11.2024
AQSh Rossiya yadro siyosatining o‘zgarishi munosabati bilan o‘z yadro doktrinasini o‘zgartirmaydi
20:58 / 19.11.2024