YuNeSKO O‘zbekistondagi G‘arbiy Tyan-Shan ekotizimiga xavf solayotgan tahdidlar haqida ogohlantirdi
Mutaxassislar umumjahon tabiiy merosi obekti hududida qurilayotgan to‘g‘on, GES va avtomobil yo‘llari atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.
YuNESKO va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) vakillari Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hududida joylashgan G‘arbiy Tyan-Shan umumjahon tabiiy merosi obektiga xavf solayotgan tahdidlarni sanab o‘tdi. Bu haqda «Chegara bilmas daryolar» jamoat fondi saytida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, G‘arbiy Tyan-Shanni iqtisodiy rivojlantirish rejalari haqidagi ma’lumotlar e’lon qilinganidan keyin xalqaro ekspertlar hududga borgan. Ularning hisobotida uchta davlat tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlar tanqid qilingan.
Jumladan, Qirg‘izistonda mahalliy amaldorlarning ruxsati bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududning deyarli markazida noqonuniy oltin qazib olish ishlari olib borilmoqda. Chotqol daryosi yaqinida katta GES qurish rejalashtirilgan, bu esa qo‘riqlanadigan yerlarning suv ostida qolishiga olib keladi. Bundan tashqari, hukumat suv ombori atrofida Talas-Chotqol-Toshkent avtomobil yo‘lini qurish niyatida.
Shuningdek, Qozog‘iston Ugom daryosida suv omborlari bo‘lgan gidroelektr stansiyalar kaskadi qurilishi boshlanganini e’lon qildi. Oqibatda, suv ombori oqimining bir qismi 210 kilometrlik quvurga buriladi va Turkiston viloyati hududlariga yuboriladi. Shu bilan birga, vaziyatdan xabardor ekspertlar YuNESKO xodimlariga hukumat ushbu loyihani barcha muqobil variantlardan eng yaxshisi sifatida tanlab olganini aytgan bo‘lsa-da, ekologlar baribir norozi. Chunki, to‘g‘onlarning paydo bo‘lishi va suv omborlarining sun’iy ravishda yaratilishi daryo ekotizimini yo‘q qilishga va Ugom oqimining bir qismini qaytarib bo‘lmaydigan holatga yetishiga sabab bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda G‘arbiy Tyan-Shan hududidan oqib o‘tuvchi ikkala daryo – Chotqol va Ugom allaqachon to‘g‘on bilan to‘sib qo‘yilgan. Qolaversa, mutaxassislarning guvohi bo‘lganidek, ishlar davom etmoqda. Ugom qirg‘oqlari betonlashtirilmoqda. Olimlarning fikricha, bu umumiy quvvati taxminan 5 MWt bo‘lgan uchta GES qurilishi uchun qilinmoqda. Ayni paytda, bu tog‘ daryosida yashovchi noyob va endemik baliq turlari populyatsiyasining yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkin.
«Umumjahon merosi obektlari quyi oqimida to‘g‘on qurish loyihalari YuNESKO bilan kelishish va atrof-muhitga ta’sirini dastlabki baholashni talab qiladi. Chotqol va Ugomda bunday qilinmadi», dedi «Chegara bilmas daryolar» jamg‘armasi bosh mutaxassisi Yevgeniy Simonov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, qo‘riqxona hududida GES va avtomobil yo‘li qurilishi, albatta, YuNESKO Jahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasini qo‘pol ravishda buzilishi bo‘ladi.
Xalqaro ekspertlar kelasi yili Bolgariyada bo‘lib o‘tadigan YuNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasi sessiyasida tegishli ma’ruza bilan chiqishni rejalashtirmoqda.
Mavzuga oid
18:18 / 12.11.2024
Jahonda 10 yil davomidagi tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar 2 trillion dollardan oshdi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
23:00 / 04.11.2024
“Afsus, vijdon issiqxonada o‘smaydi" - Sherzodxon Qudratxo‘janing posti e’tirozlarga sabab bo‘ldi
10:56 / 03.11.2024