O‘zbekiston | 21:29 / 27.09.2024
8839
3 daqiqa o‘qiladi

Chilonzorda “dom” qurmoqchi bo‘lgan firma mansabdorlari tergovga tortildi

Jabrlanuvchilardan Chilonzor tuman prokuraturasiga murojaat qilishlari so‘ralmoqda. “Komgul” MChJ mansabdorlari soxta shartnoma orqali fuqaroning 31 ming AQSh dollari pulini olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan. Ular firibgarlik va pora berishda gumonlanmoqda.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida noqonuniy ravishda ko‘p qavatli uy qurmoqchi bo‘lgan “Komgul” MChJ mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Bundan bir necha oy oldin Chilonzor tumanining Zuhurpolvon ko‘chasidagi yer maydoni “Komgul” MChJ tomonidan “dom” qurish maqsadida o‘rab olingandi. Yaqinda o‘rab olingan hududda mazkur MChJ mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, ularning harakatidan norozi fuqarolar prokuraturaga murojaat qilishlari mumkinligi haqidagi e’lon paydo bo‘ldi.

Toshkent shahar prokuraturasidan Kun.uz'ga berilgan izohda keltirilishicha, fuqaro Sh.E. tanishi X.X. bilan til biriktirib, “Komgul" MChJni tashkil qilgan. 

"Ular o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilish maqsadida Toshkent shahri Chilonzor tumani Zuhurpolvon ko‘chasidagi 8-uy manzilidagi bo‘sh yer maydonida go‘yoki 9 qavatli ko‘p kvartirali uy-joy qurishni boshlab, buning uchun kotlovan qazishgan. Vaholanki, ushbu joyda qurilish ishlarini olib borish uchun tegishli ruxsatnoma olinmagan. So‘ngra fuqaro M.Mirzarasulovga go‘yoki uyning 4-qavatidan xonadon sotish haqida soxta shartnoma tayyorlab, undan boshlang‘ich to‘lov sifatida 31 ming AQSh dollari olishgan hamda ushbu pullarni o‘zlarining ehtiyoji uchun ishlatib yuborishgan”, deyiladi prokuratura izohida.

Holat bo‘yicha MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan 2024 yil 9 sentabrda Jinoyat kodeksining  168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 192-11-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi prokuratura ish yurituviga olinib, 3 nafar shaxs gumon qilinuvchi sifatida jalb etilgan. Shuningdek, jinoyat oqibatida yetkazilgan 393 mln 703 ming so‘m pul mablag‘i Toshkent shahar prokuraturasining depozit hisobraqamiga topshirish yo‘li bilan qoplangan.

Avvalroq, ushbu hududda yashovchi aholi Kun.uz'ga murojaat qilib, yer uchastkasi o‘rab olinishi va unda qurilish boshlanishi g‘ayriqonuniy ekanini, bu ishlar garchi mahalla fuqarolar yig‘ini binosiga tutash hududda yuz berayotgan bo‘lsa-da, mahalla raisi quruvchilarni qo‘llayotgani, go‘yoki "aholi roziligi olingan" degan soxta hujjat tayyorlaganini aytgandi.

Mavzuga oid