Jahon | 22:37 / 28.09.2024
5499
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda «Helen» to‘foni oqibatida 50 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

AQSh janubi-sharqiga yopirilgan «Xelen» to‘foni «tarixiy suv toshqinlarini» yuzaga keltirib, 3 milliondan ortiq xonadonni elektr ta’minotisiz qoldirdi.

Foto: X / NationalIndNews

AQSh janubi-sharqiga yopirilgan «Helen» to‘foni «tarixiy suv toshqinlarini» yuzaga keltirdi. Bu haqda mamlakat Milliy to‘fonlar markazi (NHC) ma’lum qildi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda tabiiy ofat oqibatida 52 kishi halok bo‘lgan, 3 milliondan ortiq xonadon elektr ta’minotisiz qolgan.

«Helen» yopirilishidan ayniqsa, Florida, Jorjiya, Janubiy Karolina, Tennessi va boshqa shtatlar jabr ko‘rdi. «To‘fon xavfli va halokatli bo‘lib qolmoqda, u insonlar hayotiga zomin bo‘lyapti va suv toshqinlari xavfi hamon yuqori», — deydi AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris.

Tennessi shtatidagi Ervin shahrida politsiya va qutqaruvchilar vertolyot yordamida shifoxona tomiga chiqib olgan 50 dan ortiq insonni qutqarishga muvaffaq bo‘lgan. Ular qutqarilishidan bir necha soat oldin senator Bill Hegerti AQSh rasmiylarini suv qurshovida qolgan odamlarga resurslar yetkazib berishga chaqirgan va vaziyatni «juda og‘ir» deb atagandi.

«Helen» to‘foni 26 sentabr kuni Floridaga yopirildi, keyin esa qo‘shma shtatlar tomon harakatlanishni boshladi. Shamol tezligi soatiga 225 kilometrga yetmoqda, to‘fonga to‘rtinchi — «favqulodda xavfli» darajasi berilgan.

Avvalroq Vetnamning shimoliy qismiga yopirilgan «Yagi» supertayfuni natijasida yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida kamida 324 kishi halok bo‘ldi va bedarak yo‘qolgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, «Yagi» tayfuni Tailand va Myanmaga yetib kelishi natijasida har ikki davlatning shimoliy shtatlarida so‘nggi 80 yil ichidagi eng kuchli suv toshqinlari kuzatilgan.

Mavzuga oid