Sobiq sovet davlatlari tarix darsliklarida Rossiya salbiy obrazda tasvirlanayotganidan shikoyat qilindi
Rossiya sobiq SSSRning bir qator davlatlaridagi tarix darsliklarida salbiy obrazda tasvirlangan. Rossiya fanlar akademiyasining ijtimoiy fanlar bo‘yicha ilmiy axborot instituti xodimlari shunday xulosaga kelishgan.
Xususan, darsliklarda Rossiya o‘zi egallagan yerlardagi xalqlarni ezgan va ularning madaniyatiga ta’sir o‘tkazgan mustamlakachi barqudrat davlat bo‘lgani yozilgan, degan RBKʼga tadqiqot hammualiflaridan biri Razil Guzayerov. Rossiya fanlar akademiyasi bunday axborotlar Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat shakllanishi, kelgusida ksenofobiya va rusofobiya o‘sishiga sabab bo‘lishini ta’kidlamoqda.
Misol tariqasida Qozog‘iston ko‘rsatilgan, bu yerdagi darsliklarda Rossiya istilosi tabiiy resurslarni ekspluatatsiya qilish va aholini nazoratga olishga yo‘g‘rilgan harbiy-mustamlakachilik siyosati o‘laroq tasvirlangan. Darsliklarda ommaviy o‘limlar va noroziliklarga sabab bo‘lgan 1921 yilgi ocharchilikka katta e’tibor qaratilgan, Stolipinning ko‘chirish siyosati esa ijtimoiy mojarolar manbayi sifatida tilga olingan.
Ozarboyjonda sovet hokimiyatining o‘rnatilishi kelgusida xalqni ezish uchun harbiy bosqin sifatida tasvirlangan. Zamonaviy darsliklar Qorabog‘ mojarosini yaratishda Rossiyaning rolini ham ta’kidlaydi.
Armanistonning yangi darsliklari Sharqiy Armaniston kuch ishlatib Rossiyaga qo‘shilgani haqida hikoya qiladi. Avvalroq hattoki Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu darslik materialini «provokatsiya» deb atab, munosabat bildirgan.
O‘zbekistonda Rossiya imperiyasi va sovet ittifoqi mustamlakasi milliy o‘zlik va mamlakat iqtisodiyotiga ziyon yetkazgan davlatlar o‘laroq tasvirlangan.
Qirg‘iziston va Tojikistonning ta’lim materiallarida Rossiyaning ta’siri biroz ijobiy tasvirlangan, ayniqsa sovetlar davrida iqtisodiyot va ta’limning rivojlanishi kontekstida.
Rossiya nafaqat sobiq SSSR respublikalari darsliklarida salbiy ko‘rinishda tasvirlangan. Masalan, Isroildagi darsliklarda Rossiya imperiyasi va sovet ittifoqi antisemit davlatlar sifatida tilga olingan. Erondagi darsliklarda Rossiya siyosati Eronning ichki ishlariga aralashish, birinchi navbatda Rossiyaning o‘zi uchun manfaatli bo‘lgan rejimlarni qo‘llashi kontekstida hikoya qilingan.
Mavzuga oid
13:32
Duma 2025 yilgi budjetni urushga rekord xarajatlar bilan qabul qildi
11:53
AQSh Rossiyaning 50 ta bankiga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
16:43 / 21.11.2024