Jahon | 13:47 / 01.10.2024
8515
8 daqiqa o‘qiladi

Isroil razvedkasi Hasan Nasrullohga zarba berish uchun 20 yil davomida ma’lumot yig‘gan

«Hizbulloh» bu vaqt davomida kengayib, o‘z safiga yangi a’zolarni jalb qilishi isroilliklarga qo‘l kelgan.

Adil Abass / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

2006 yilgi Ikkinchi Livan urushi davrida «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrullohni o‘ldirish uchun qilingan uch suiqasd ham muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin Isroil razvedkasi ish metodlarini o‘zgartirgan va guruh jangchilari haqida katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ishga kirishgan. Razvedkaga «Hizbulloh» Suriyadagi mojaroda ishtirok etgani ham yordam bergan, buning oqibatida guruhdagi ko‘p narsa fosh bo‘lgan. Kuzatuv uchun texnik imkoniyatlar rivojlanishi ham yana bir omil bo‘ldi — natijada qariyb yigirma yil davomida Isroil razvedkasi katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘di va «Hizbulloh» a’zolarining harakatlariga oid eng kichik o‘zgarishlarni ham qayd etish uchun qayta ishlash algoritmlarini moslashtira oldi. Financial Times manbalariga asoslangan holda Isroil qanday qilib ikki oy ichida «Hizbulloh»ning yuqori martabali qo‘mondonlari hamda harakat yetakchisi Hasan Nasrullohni o‘ldirish bo‘yicha amaliyotni muvaffaqiyatli bajara olgani haqida hikoya qildi.

Isroillik harbiylar Hasan Nasrullohni o‘ldirish uchun dastlabki uch urinishini 2006 yilda, Ikkinchi Livan urushi vaqtida amalga oshirgandi, deya hikoya qiladi o‘sha suiqasdlar tafsilotlaridan xabardor bo‘lgan ikki manba Financial Times bilan suhbatda. Aviazarbalardan biri nishonga borganida «Hizbulloh» yetakchisi bu joyni tark etib ulgurgandi. Yana ikki holatda esa tashlangan bombalar Nasrulloh yashiringan yerosti bunkerining beton istehkomini buzib o‘ta olmaydi.

FT shundan keyin Isroil razvedkasida «keng ko‘lamli qayta yo‘naltirish» bo‘lib o‘tadi. Razvedkaning sobiq katta zobiti Miri Eysinning so‘zlariga ko‘ra, «Hizbulloh»ga uning siyosiy ambitsiyalari va Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi bilan o‘sib borayotgan aloqalari, shuningdek Hasan Nasrulloh Suriya prezidenti Bashar Asad bilan yaqinlashuvini hisobga olgan holda kengroq rakursdan qaray boshlashadi. Bundan tashqari, AMAN harbiy razvedka boshqarmasi hamda uning 8200 radiotexnik razvedka bo‘linmasi Isroil shimoliy chegaralari yaqinida turgan «Hizbulloh» vakillari to‘g‘risida ulkan hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ishga kirishadi — ularning soni borgan sari ortib borardi.

Isroil razvedkasi faoliyatiga «Hizbulloh» 2012 yilda Suriyadagi mojaroga qo‘shilgani ham yordam bergan, o‘shanda guruh jangchilari prezident Bashar Asadga qurolli isyonni bostirish uchun yordamchi kuch sifatida yuborilgandi. «Hizbulloh» «shahidlar plakatlari» shaklida e’lon qilib boradigan nekrologlar ham ma’lumot manbalaridan biriga aylanadi. Ulardan halok bo‘lgan jangchi qaysi shaharda yashaganini aniqlash va repost qilgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orqali uning atrofidagilar kimlar ekanini bilish mumkin edi. Shuningdek, dafn marosimlari ham ma’lumot manbayi bo‘ladi, FT yozishicha, odatda soya ostida bo‘ladigan yuqori martabali mulozimlar bunday marosimlardan ayrimlarida ko‘rinish berardi. Natijada Isroil razvedkasida «Hizbulloh» ichidagi kuchlar muvozanati bo‘yicha nisbatan to‘liq kartina shakllanadi: amaliyotlar o‘tkazishlarga kimlar mas’ul ekani, kimning lavozimi ko‘tarilgani, kim endi safardan qaytgani va hokazolar to‘g‘risida.

Shu bilan bir vaqtda, «Hizbulloh»ning saflari kengayadi, yangi a’zolarni qabul qilish jarayoni esa Isroil josuslari kirib borishiga hamda guruh ichkarisida sotilishi mumkin bo‘lganlarni izlashga qulay sharoit yaratadi. Livandagi yuqori martabali sobiq siyosatchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, «Hizbulloh»ga Isroil va Amerika razvedkasi kirib kelishi «Asadni qo‘llab-quvvatlash to‘lovi» bo‘lgan». «Ular [„Hizbulloh“] Suriyada ochilishiga to‘g‘ri keldi», — deydi FT suhbatdoshi. Bu kampaniyadagi ishtiroki davrida «Hizbulloh» o‘z ma’lumotlarini Rossiya razvedka xizmatlariga ham taqdim etgan, ularni esa amerikaliklar muntazam ravishda kuzatib boradi.

Bundan tashqari, texnik imkoniyatlar ham rivojlandi — razvedkachi sun’iy yo‘ldoshlari, yanada «aqlli» dronlar va hakerlikdagi yangi qobiliyatlar paydo bo‘lishi Isroil razvedkasiga terabaytlarda o‘lchanuvchi ulkan miqdordagi ma’lumotlar to‘plashga imkon berdi. Bu ma’lumotlarni qayta ishlash bilan 9900 maxsus bo‘linmasi shug‘ullanadi. Uning a’zolari qator tasvirlardagi eng kichik o‘zgarishlarni ham sezish imkonini beruvchi algoritmlarni yozadi — masalan, yo‘l chetida portlovchi qurilma paydo bo‘lgani yoki yerosti bunkeri mavjudligini ko‘rsatuvchi beton armaturalarni payqash.

Shuningdek, razvedka «Hizbulloh» jangchilari haqidagi ma’lumotlarni yig‘adi. FT suhbatdoshlari hikoya qilishicha, ularning shaxsi bosh ustidan uchib o‘tuvchi dronlar yordamida yoki buzib kirilgan kuzatuv kameralaridagi yozuvlar orqali aniqlanishi mumkin; hatto zamonaviy televizorni masofadan boshqarish pulti mikrofoni orqali yozilgan ovozdan ham foydalaniladi. Identifikatsiyadan keyin «Hizbulloh» jangchisining har kunlik harakatlanish sxemasi keng qamrovli ma’lumotlar bazasiga kiritiladi. Ma’lumot turli qurilmalardan ham olinishi mumkin — masalan, jangarining turmush o‘rtog‘ining mobily telefoni yoki avtomobil odometridan.

Kundalik tartibdagi har qanday buzilish razvedka zobiti uchun xavotirli signal bo‘lib boradi. Bu metod Isroilga, masalan, chegaradagi tanklarga qarshi raketalar bilan qurollangan kichik otryadlarning o‘rta bo‘g‘indagi komandirlari shaxsiga aniqlik kiritish imkonini bergan. FT manbalariga ko‘ra, qaysidir pallada razvedkachilar alohida komandirlarning harakatini kuzatgan, ular Isroilga ehtimoliy hujum oldidan yuqori rahbariyat tomonidan kutilmaganda chaqirilgani yoki yo‘qligini tekshirish uchun.

Isroillik sobiq mulozimlardan biriga ko‘ra, shu tariqa razvedka foydalanish uchun tayyor holatda bo‘lgan ko‘plab ma’lumotlarni to‘plagan. Hamasning 2023 yil 7 oktyabridagi hujumidan keyin Isroil harbiy samolyotlari razvedka Hasan Nasrulloh turganini ko‘rsatgan joyni bombalash to‘g‘risidagi buyruq bilan havoga ko‘tarilgan. Ammo, isroillik rasmiylardan birining aytishicha, reydni Oq uy talabi bilan bekor qilishga to‘g‘ri kelgan.

Keyingi imkoniyat esa 27 sentabr kuni tug‘ildi, shu kuni razvedka yana Nasrullohning joylashuvini aniqlashga muvaffaq bo‘lgandi. Olingan ma’lumotga ko‘ra, u «Hizbulloh»ning yuqori martabali amaldorlari hamda Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining amaliyotlar bo‘yicha qo‘mondoni bilan uchrashuvga yo‘l olgandi. Isroil harbiylari Nasrullohni binolar majmusi ostida qurilgan bunkerga qadar kuzatib boradi va keyin 80 dan ortiq bomba tashlaydi.

Netanyahu bu kunda Nyu Yorkda edi va BMT Bosh assambleyasida chiqish qiladi. FT ma’lumotiga ko‘ra, u Nasrullohni o‘ldirish bo‘yicha amaliyot o‘tkazilishi haqida o‘z nutqini boshlashdan oldinroq xabardor qilingandi. Isroil mudofaa armiyasi Bayrutning janubiy chekkasidagi «Hizbulloh» qarorgohi joylashgan Dahiya tumaniga zarbalar bergani haqida xabarlar tarqalgach, Netanyahu jurnalistlar bilan brifingni to‘xtatadi, keyin esa AQShga tashrifini muddatidan oldin yakunlab, Isroilga uchib ketadi. Keyingi kuni TsAHAL Nasrullohning o‘limi to‘g‘risida rasman xabar beradi; ko‘p o‘tmay «Hizbulloh» harakat rahbari o‘lmini tasdiqlaydi.

Mavzuga oid