Muloyim durang – AQSh vitse-prezidentligiga nomzodlar debat o‘tkazdi
AQSh vitse-prezidentligiga nomzodlar, demokrat Tim Uols va respublikachi Jyey Di Vens CBS News telekanalida debat o‘tkazdi. Raqiblar xotirjam va hurmat saqlagan holda debat o‘tkazish mumkinligini namoyish etishdi. Biroq, vitse-prezidentlikka nomzodlar o‘rtasidagi debat saylovchilar qaroriga katta ta’sir ko‘rsatishi dargumon.
CBS News telekanalidagi vitse-prezidentlik debati ushbu saylovoldi kampaniyasi uchun oxirgisi bo‘ldi, deb yozdi Forbes.
Munozarada Demokratik partiyadan Minnesota gubernatori Tim Uols ishtirok etdi. U Milliy gvardiyada 25 yil xizmat qilgan sobiq o‘qituvchi va o‘rta maktab futbol murabbiyi. Agar Kongressda Uols respublikachilar bilan hamkorlik qilishga tayyor mo‘’tadil qonun chiqaruvchi sifatida tanilgan bo‘lsa, Minnesota rahbari sifatida u ancha so‘l qanot siyosatchisi sifatida obro‘ qozondi. Uols oddiy amerikaliklarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, respublikachilarni konservativ kun tartibi uchun «g‘alati» deb atagan bir qator intervyularidan so‘ng, Harris uni vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tanladi.
Unga 2022 yildan beri Senatda Ohayo shtati vakili bo‘lgan Jyey Di Vens qarshilik ko‘rsatdi. Uols singari u ham armiyada xizmat qilgan — AQSh Iroqqa bostirib kirganida u dengiz piyodalari bo‘linmalaridan birining matbuot xizmatida ishlagan. Vens juda kambag‘al oilada o‘sgan, ammo nufuzli Yyel universitetini tamomlagan va venchur investitsiyalari bilan shug‘ullangan. U o‘zining «Elegiya Hillbilli» kitobi bilan nom qozondi, unda o‘zining bolaligi misolida Amerika qishloqlarining madaniyatini tanqid qildi. Vens 2016 yilgi saylov kampaniyasi paytida Trampga qarshi chiqdi, ammo 2019 yilda katolik dinini qabul qilganidan keyin o‘z qarashlarini o‘zgartirdi.
Debat davomida nomzodlar tashqi siyosatni kam muhokama qilishdi, bu umuman saylovchilarning ustuvor yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi - milliy xavfsizlik masalalari amerikaliklarning atigi 3 foizini qiziqtiradi va eng yaxshi 10 ta mavzuga deyarli kirmaydi. Debat boshida savol Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroga qaratildi. Nomzodlar bir-birlarini Eronni jilovlay olmaganlikda aybladi. Ukraina munozaralar kun tartibida umuman yo‘q edi va boshlovchilar Vensdan mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasi haqida so‘ramaslikka qaror qilishdi.
Muhokamalarning asosiy qismi migratsiya, iqtisodiyot, abort, iqlim o‘zgarishi, oilani qo‘llab-quvvatlash va demokratiya masalalariga qaratildi. Konservativ Vens ushbu masalalarning aksariyatida juda mo‘’tadil bo‘lishga harakat qildi. U tomoshabinlarni abortni butun mamlakat bo‘ylab taqiqlashni qo‘llab-quvvatlamasligini, deportatsiyalar faqat jinoyat o‘tmishi bo‘lgan noqonuniy migrantlarga ta’sir qilishiga ishontirdi va o‘zi turli ijtimoiy yordam choralarini qo‘llab-quvvatladi. Vens Trampning prezidentligi davrida erishilgan muvaffaqiyatlarni ko‘rgach, unga munosabatini o‘zgartirganini ochiq tan oldi.
Vens uchun eng qiyin savol bahs oxirida keldi. U agar sobiq vitse-prezident Mayk Pens o‘rnida bo‘lganida, 2020 yilgi saylov natijalarini bekor qilgan bo‘lishini aytdi. Shunda Uols undan Tramp bu saylovda yutqazdimi, deb so‘radi. Vens javob berishdan qochdi va suhbatni ijtimoiy tarmoqlardagi senzuraga burdi. Bunga javoban Uols aynan shu sabab Pens emas, balki Vens vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tanlanganini aytdi.
Vens bahsda o‘zini ishonarli tarzda tutdi. Uols o‘zini juda yomon debatchi ekanini oldindan tan oldi, asabiy bo‘lib tuyuldi, javob bergandan so‘ng darhol yerga qaradi va ba’zida noqulay tarzda yanglishib turdi. Ammo bu bahsda Uolsning kuchli tomonlaridan biri uning gubernator sifatidagi tajribasi edi: u turli masalalarni muhokama qilganda, o‘z shtatida muayyan muammolarni qanday hal qilganiga oid misollarni muntazam tarzda keltirdi.
Debatdagi ijobiy ohang ko‘proq e’tiborga sazovor bo‘ldi. Tramp va Harris o‘rtasidagi TV jangidan farqli o‘laroq, bu safar siyosatchilar shaxsiyatga o‘tmadilar va ba’zan bir-birlarini maqtashdi. Nomzodlar o‘z raqibining shaxsiy bayonotlari yoki biografik faktlarini tanqid qilishdan ko‘ra, siyosat haqida ko‘proq mazmunli gapirishni afzal ko‘rdilar. Uols va Vens immigratsiya va abortdan tortib oilani qo‘llab-quvvatlash va qurolli zo‘ravonlikkacha bo‘lgan masalalarda fikri bir xil ekanini ko‘rsatishdi.
Bundan tashqari, siyosatchilarning eng tanqidiy mulohazalari bir-biriga emas, balki prezidentlikka nomzodlarga qaratildi: Vens «Kamala Harris ma’muriyatini» tanqid qildi (Jo Baydenning nomi munozarada bir marta ham aytilmadi), Uols esa Donald Trampni tanqid qildi.
Shuning uchun bu bahslarning asosiy g‘alabasi siyosiy muhokama madaniyati bo‘ldi. CNN so‘roviga ko‘ra, respondentlarning 51 foizi Vens g‘alaba qozonganini qayd qildi, 49 foizi esa Uolsni afzal ko‘rdi.
Bu bahs prezidentlik poygasiga qanchalik ta’sir qiladi? Xuddi shu CNN so‘rovida Harris saylovchilarining 91 foizi va Tramp saylovchilarining 85 foizi «hech qanday ta’sir qilmasligini» aytdi. Va faqat 1 foizi ushbu debatdan so‘ng fikrini o‘zgartirganini tan oldi.
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52 / 22.11.2024
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
21:00 / 21.11.2024