O‘zbekiston | 13:50 / 02.10.2024
2395
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Oltoy o‘lkasi universitetlari filiali ochilishi mumkin

O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiyaning Oltoy o‘lkasi gubernatori Viktor Tomenko va saylov komissiyasi rahbari Irina Akimova bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: "Dunyo" AA

Oltoy o‘lkasi gubernatori Viktor Tomenko bilan uchrashuv chog‘ida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni qo‘llab-quvvatlash, jumladan, O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashlari doirasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Gubernator Oltoy o‘lkasining tashqi savdo hamkorlari orasida O‘zbekiston ayni paytda Xitoy va Qozog‘iston kabi davlatlar qatorida kuchli uchlikdan joy olganini ta’kidladi.

Ayniqsa, Oltoy korxonalari O‘zbekistondan paxta, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, trikotaj gazlamalar, kimyoviy tolalarni faol xarid qilayotgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekistonda yetishtirilayotgan turli meva-sabzavotlarga hudud aholisining talabi juda yuqori.

Tomonlar, birinchi navbatda, qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma korxonalar, shuningdek, tayyor qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash klasterlarini yaratishga e’tibor qaratdilar va o‘zaro savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish zarurligini ta’kidladilar.

Agrosanoat majmuasidagi kooperatsiya ham istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Bugungi kunda Oltoy o‘lkasi qishloq xo‘jaligi mashinasozlari o‘zbekistonlik hamkorlar bilan yerga ishlov berish texnikasini ishlab chiqarish sohasida faol ish olib borayotgani, chorvachilik sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish mavjudligi ta’kidlandi.

Gubernator Viktor Tomenkoning aytishicha, Oltoy tadbirkorlari ushbu masalalarni o‘zbekistonlik hamkasblari bilan, xususan, respublikaga amalga oshirilgan so‘nggi beshta biznes missiyasi chog‘ida doimiy ravishda muhokama qilmoqda. Bu ishlar, o‘z navbatida, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining umumiy o‘sishiga xizmat qilmoqda.

Tomonlar madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni chuqurlashtirish muhimligini ta’kidlab, O‘zbekiston va Oltoy o‘lkasi oliy hamda kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘rtasida tajriba almashish, xalqlar madaniyati, an’ana va urf-odatlarining o‘ziga xosligini ochib beruvchi qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish muhimligini qayd etdilar.

Mamlakatda Oltoy o‘lkasi universitetlarining filiallarini ochish imkoniyatlari xususida ham fikr almashildi.

Mavzuga oid