Fan-texnika | 16:57 / 03.10.2024
8265
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda AirPods quloqchinlari o‘g‘irlangan Ferrari’ni topishga yordam berdi

Politsiya quloqchinlar yordamida Ferrari’ning iziga tushgan.

Foto: Waterbury Police Department

AQSh politsiyasi o‘g‘irlab ketilgan 575 ming dollarlik Ferrari 2023 ni topdi, ularga avtomobil egasining salonda qoldirgan AirPods quloqchinlari yordam berdi. Bu haqda Apple Insider ma’lum qildi.

Politsiya xodimlari quloqchinlarning joylashuvini kuzatib, yonilg‘i quyish shoxobchasigacha borgan. U yerda gumonlanuvchi yashirinishga ulgurgan bo‘lsa-da, uning shaxsi boshqa qurilma — o‘g‘ri mashinadan chiqib qochayotganda tushirib qo‘ygan shaxsiy iPhone telefoni orqali tezda aniqlandi.

Avtomobil egasi salonda qoldirgan quloqchinlar, o‘g‘rining yonidagi iPhone tufayli Find My ilovasiga o‘zining aniq joylashuvini yuborib turgan. Bu esa Ferrari’ni kuzatib topishga yordam bergan.

Jinoyatchi 22 yoshli Dion Shotten ekani ma’lum qilindi. U hibsga olinib, transport vositasini o‘g‘irlashda ayblandi.

Uning sherigi, 19 yoshli Kion Vebster ham qo‘lga olindi. Tergov aniqlashicha, ikkala gumonlanuvchi o‘g‘irlangan avtomobilni navbatma-navbat boshqargan.

Uoterberi politsiyasi boshlig‘i Fernando Spanyolo Vebsterga bundan avval ham avtomobil o‘g‘irlash va boshqa jinoyatlar bilan bog‘liq yettita ayblov e’lon qilinganini aytdi.

Mavzuga oid