Jahon | 23:25 / 03.10.2024
3266
2 daqiqa o‘qiladi

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga 280 dan ortiq nomzod ilgari surildi. Ular orasida Navalniy ham bor

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ilgari surilgan nomzodlar orasida koloniyada vafot etgan rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yetakchilik qilmoqda.

Foto: Reuters

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti uchun 286 nafar nomzod ko‘rsatildi, deb xabar beradi Reuters. Ulra orasida BMTning qochoqlar ishi bo‘yicha oliy komissari, Rim papasi Fransisk va britaniyalik naturalist Devit Attenboro ham bor.

Agentlik tomonidan ekspertlar orasida o‘tkazilgan so‘rovda, ular BMTning Falastin qochoqlari ishi bo‘yicha agentligi, BMT Xalqaro sudi va tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrishni ham ro‘yxatga kiritgan. Shu bilan birga, ekspertlar BMTning Falastin qochoqlari ishi bo‘yicha agentlikka mukofotning berilishini bahsli deb atagan — ayniqsa, agentlik xodimlarining 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS tomonidan Isroilga uyushtirgan hujumiga aloqadorligi haqida xabarlar tarqalgan hozirgi vaziyatda.

O‘z navbatida koloniyada vafot etgan rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy nomzodlari ham yetakchilik qilmoqda. Reutersʼning yozishicha, Navalniyga mukofotni topshirishning iloji yo‘q, chunki u marhumlarga berilmaydi. Zelenskiy bo‘lsa, jang qilayotgan davlat rahbari bo‘lgani uchun nomzodlikdan chiqib ketishi mumkin.

Norvegiya Nobel qo‘mitasi, shuningdek, joriy yilda mukofotni hech kimga bermaslik bo‘yicha ham qaror qabul qilishi mumkin — mukofot tarixida bunaqasi 19 marta sodir bo‘lgan, oxirgisi 1972 yilda.

«Balki qo‘mita aynan shu yili tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini hech kimga bermay, sayyoramiz urush domida ekaniga e’tibor qaratar», — deydi Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti rahbari Den Smit.

2024 yilda Nobel mukofoti laureatlari 7-14-oktyabr kunlari e’lon qilinadi. Norvegiya Nobel qo‘mitasi tinchlik bo‘yicha laureatni 11 oktyabrda e’lon qiladi. 2023 yilda mukofot eronlik huquq himoyachisi Nargiz Muhammadiyga nasib etgan.
 

Mavzuga oid