Jahon | 21:11 / 05.10.2024
7083
4 daqiqa o‘qiladi

6 ming soxta iPhone bilan Apple kompaniyasini chuv tushirgan firibgarlar jazolandi

Ularning jinoiy faoliyati 2017 yildan 2019 yilgacha davom etgan, oqibatda kompaniya jiddiy moliyaviy yo‘qotishlarga duch kelgan.

Foto: Getty Images

AQSh Adliya vazirligi qalbaki iPhone smartfonlari bilan bog‘liq juda katta firibgarlikni amalga oshirgan ikki shaxsga nisbatan hukmni e’lon qildi.

Qayd qilinishicha, 34 yoshli tengdoshlar Haotyan Sun va Pengfey Syue Apple kompaniyasini aldab, 6 mingga yaqin qalbaki smartfonlarni asliga almashtirib, 2,5 million dollarga yaqin daromad olgan. Ularning jinoiy faoliyati 2017 yildan 2019 yilgacha davom etgan va oqibatda kompaniya jiddiy moliyaviy yo‘qotishlarga duch kelgan.

3 oktyabr kuni e’lon qilingan hukmga ko‘ra, Sun 57 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi va Apple kompaniyasiga 1 million dollardan ortiq tovon to‘lashi kerak. Uning sherigi Syue 54 oylik qamoq jazosini oldi va 397 ming dollarga yaqin pulni qaytarishi shart. Ikkalasi ham qamoqdan keyingi uch yilni nazorat ostida o‘tkazishi va hukmning bir qismi sifatida qo‘shimcha pul to‘lashi kerak.

Firibgarlik seriya raqamlari o‘zgartirilgan yoki kafolat ostidagi haqiqiy smartfonlarga mos keladigan IMEI kodlariga ega qalbaki iPhone smartfonlari bilan bog‘liq. Apple yangi qurilmalarga bir yillik kafolat beradi va bu kafolatni uzaytirish uchun sug‘urta rejalarini taklif qiladi, bundan tajovuzkorlar foydalangan. Firibgarlar Apple xizmat ko‘rsatish markazlariga qalbaki smartfonlarni pochta orqali jo‘natgan yoki soxta ma’lumotlardan foydalangan holda shaxsan olib kelishgan. Oqibatda, Apple ushbu qurilmalarni haqiqiy va kafolatli deb hisoblab, ko‘pincha ularni asllariga almashtirib bergan.

Jinoiy sxema Apple xavfsizligi va tergovchilarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli fosh etildi. 2019 yilda pochta inspektori Stiven Koen Xitoydan kelayotgan minglab qalbaki iPhone solingan paketlarni aniqlagan, so‘ngra Apple kompaniyasiga topshirgan. Ushbu qurilmalar kafolat muddati tugagan yoki qalbaki qismlarga ega edi, biroq Apple ularni haqiqiy deb qabul qilgan.

Ta’kidlanishicha, Apple kompaniyasi smartfonlarni qaytarib topshirishdagi firibgarlikka qarshi choralarni ko‘rgan. Biroq, firibgarlar turli taxalluslar yordamida va yangi pochta qutilarini ochish orqali bu choralarni osongina chetlab o‘tgan. Misol uchun, Sun sakkizta UPS Store pochta qutilaridan foydalangan.

Federal agentlar paketlarni aniqlab, barcha smartfonlarning IMEI kodlarini yozib olib, qo‘shimcha ma’lumot to‘plash uchun ularni oluvchilarga yetkazishga ruxsat bergan. Keyin tergovchilar ushbu raqamlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni olish uchun Apple bilan bog‘langan. Ma’lum bo‘lishicha, Sun bir nechta elektron pochta manzillaridan foydalangan holda ta’mirlash bo‘yicha 1 mingdan ortiq so‘rovlar yuborgan, ulardan ba’zilari o‘z nomiga ro‘yxatdan o‘tgan.

Tergov bir necha oy davom etdi, agentlar nafaqat paketlarni aniqlashdi, balki gumondorlarni kuzatib borishdi, ularning faoliyatini tahlil qilishdi va hatto dalillarni topish uchun uylari yaqinidagi axlat qutilarini tekshirishdi. Apple shuningdek, soxta IMEI kodlari va seriya raqamlarini, shuningdek, qurilmalarda qalbaki qismlar mavjudligini tasdiqlash orqali tergovga yordam berdi. Natijada jinoiy sxema muvaffaqiyatli fosh etilib, firibgarlar jazoga tortildi.

Mavzuga oid