O‘zbekiston | 10:10 / 05.10.2024
4307
2 daqiqa o‘qiladi

Taras Shevchenko ko‘chasidagi gastronomik alleya 1-bosqichini yakunlash muddati kechiktirildi

Mirobod tumanida joylashgan Taras Shevchenko ko‘chasidagi gastronomik alleyani barpo etish bo‘yicha ishlarning birinchi bosqichini yakunlash muddati 10 oktyabrga ko‘chirildi. 

Foto: Mirobod tumani hokimligi

Tuman hokimligi xabariga ko‘ra, bugungi kunda mazkur loyihaning birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha ishlar ko‘lami yakuniy bosqichga o‘tgan.

Gastronomik ko‘cha bo‘ylab 6 ta foto-zona barpo etilgan, 39 ta kichik va 17 ta katta torsherlar o‘rnatilgan, 1 ta avtobus bekati qurilgan, 39 ta videokuzatuv kameralari va yuzni tanish tizimlari, 20 ta o‘rindiq va axlat qutilari o‘rnatilgan hamda WI-FI tarqatish tizimlari montaj qilingan.

Shuningdek, poytaxt aholisi va mehmonlariga qulaylik yaratish maqsadida qariyb 3000 kv/m piyodalar yo‘li barpo etildi, qatnov yo‘lining asosiy qismi (2600 kv m) esa tabiiy granit toshdan terildi. Hududni obodonlashtirish ishlarini dastlab sentabr oyida yakunlash rejalashtirilgan edi.

Tuman hokimligiga ko‘ra, obodonlashtirish ishlari davomida yo‘lning asfalt qoplamasini tabiiy granit toshga almashtirish qarori qabul qilingani tufayli loyihaning birinchi bosqichini yakunlash muddati oktyabr oyining boshiga ko‘chirildi.

Ushbu ko‘chada joylashgan tadbirkorlik sub’yektlari 24 soatlik ish rejimida faoliyat yuritadi va yo‘lning o‘zi kechki soat 20:00 dan tonggi 06:00 gacha avtomobillar uchun yopiladi va piyodalar hududiga aylanadi.

Mavzuga oid