O‘zbekiston | 20:03 / 06.10.2024
4983
3 daqiqa o‘qiladi

“Chiqindidan 6 oylik qarzdorligi mavjud bo‘lgan abonentlarga SMS-xabarnoma yuborildi” – Ekologiya vazirligi

Sanitar tozalash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun aholining debitor qarzdorligi respublika miqyosida jami 585 mlrd so‘mga yetgan. To‘lovlarni undirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida dastlab viloyat markazlarida chiqindi xizmatlari uchun 6 oylik to‘lovlardan qarzdorligi mavjud bo‘lgan abonentlarga SMS-xabarnoma yuborila boshlangan.

Foto: maxsustrans.uz

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJning qisqa raqami orqali chiqindi to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud bo‘lgan abonentlarga qarzdorlik qoplanmaguniga qadar elektr energiyasi uchun to‘lovni cheklash tizimi joriy etilayotgani haqida SMS-xabarnomalar yuborilishi boshlangani xabar qilingandi.

Ekologiya vazirligi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, fuqarolar orasida xonadondan chiqindi chiqmasligi, chiqindilar yoqib yuborilishi yoki yerga ko‘milishi kabi asossiz sabablarga ko‘ra maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘lashdan bosh tortish yoki kechiktirish holatlari ko‘plab uchramoqda. Buning oqibatida sanitar tozalash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun aholining debitor qarzdorligi keskin oshib, respublika miqyosida jami 585 mlrd so‘mga yetgan.

«Aholining to‘lov madaniyatini shakllantirishga doir qator chora-tadbirlar doirasida birinchi bosqichda viloyatlar markazlarining chiqindi xizmatlari uchun 6 oylik to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud bo‘lgan abonentlariga SMS-xabarnoma yuborildi. Shuningdek, 2024 yil uchun oldindan to‘liq to‘lovni amalga oshirgan abonentlarga to‘lov tariflari yil davomida oshirilgan taqdirda ham tariflardagi farqlar qo‘shib hisoblanmasligi kabi imtiyoz mavjudligi haqida ma’lumot berildi.

2024 yilning 1 aprelidan boshlab barcha kommunal xizmatlarda (tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv, issiqlik ta’minoti) jumladan, maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati to‘lovlari uchun ham tegishli qonun bilan QQS joriy etilgani munosabati bilan xizmat tariflari QQS bilan birga undirilishi aytib o‘tildi», deyiladi vazirlik izohida.

Qo‘shimcha qilinishicha, SMS-xabarnomalardagi qarzdorlik miqdori bo‘yicha e’tirozlar mavjud bo‘lgan taqdirda 1205 qisqa raqamiga og‘zaki ariza qoldirish mumkin.

Ma’lumot uchun, «Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmonida quyidagilar nazarda tutilgan edi:

  • 2024 yilning 1 iyunidan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 6 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun;
  • 2024 yilning 1 noyabridan respublikaning barcha hududida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 3 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun;
  • 2025 yilning 1 yanvaridan e’tiboran respublikaning barcha hududida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 1 oylik qarzdorlik uchun elektr energiyasiga to‘lovni amalga oshirishda cheklanadi.

Mavzuga oid