Jahon | 22:33 / 07.10.2024
4038
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Qozog‘istonda AES qurish bo‘yicha tenderda ishtirok etish istagini bildirdi

Amerikaliklar tenderning adolatli o‘tishiga umid bildirmoqda.

Foto: Getty Images

Amerika Qo‘shma Shtatlari Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini (AES) qurish bo‘yicha adolatli tender o‘tkazilishini kutmoqda va unda ishtirok etmoqchi. Bu haqda Olmaotaga ish safari bilan borgan AQSh Savdo-sanoat palatasi katta vitse-prezidenti Xush Choksi aytib o‘tdi, deb yozdi InformBURO.kz.

«AQSh atom elektr stansiyalari borasida eng yaxshi texnologiyalarga ega. Umid qilamizki, ochiq tender bo‘lib o‘tadi, bu esa unda Amerika kompaniyalariga ham ishtirok etish imkonini beradi», dedi Choksi.

Bir kun avval Qozog‘istonda AES qurish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi, ishtirokchilarning 70 foizdan ortig‘i bu g‘oyani qo‘llab-quvvatladi. Ikki millionga yaqin kishi bunga qarshi chiqdi - bu umumiy saylovchilarning 28,88 foizini tashkil qiladi.

Referendumda ovoz bergan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev agar mamlakat fuqarolari AES qurish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlasa, u holda bu ishni xalqaro kompaniyalar konsorsiumi amalga oshirishi kerakligini aytdi.

Avvalroq, AES Olmaota viloyatining Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘ida qurilishi mumkinligi xabar berilgan edi. Ilgari Qozog‘iston hukumati nomzodlarning «qisqa ro‘yxatini» tuzdi, unga to‘rt kompaniya: Xitoyning CNNC, Koreyaning KHNP, Rossiyaning «Rosatom» va Fransiyaning EDF kompaniyalari kirdi.

Mavzuga oid