Iniyesta futbolchilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi
Ispaniya milliy jamoasi hamda «Barselona» sobiq o‘yinchisi Andres Iniyesta professional faoliyatini yakunlagani haqida ma’lum qildi.
Ispaniyalik 40 yoshli yarimhimoyachining so‘nggi klubi BAAning «Emireyts» klubi bo‘ldi. Iniyesta amirlik jamoasida 23 o‘yinda 5 ta gol urishga ulgurgandi.
Andres 1996 yildan 2018 yilgacha «Barselona» tizimida bo‘ldi. U bu davr ichida Kataloniyaning asosiy jamoasi safida jami 674 o‘yinda to‘p surib, 57 gol va 136 ta assistga mualliflik qilgan.
Iniyesta «Barsa»dagi faoliyatidan keyin Yevropadan Osiyoga yo‘l olib, Yaponiyaning «Vissel Kobe» jamoasida 134 o‘yinda 26 ta golga mualliflik qildi.
40 yoshli futbolchi faoliyati davomida Ispaniya milliy jamoasi safida ikki marta Yevropa chempioni bo‘lish bilan birga 2010 yilda jahon chempionligini ham qo‘lga kiritgan. «Barsa» safida esa 4 karra YeChL g‘olibi, 9 marta La Liga chempioni, 3 karra klublar o‘rtasida JCh g‘olibligini qo‘lga kiritgan.