Jahon | 11:20 / 07.10.2024
3897
3 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya mudofaa vaziri F-16 dastlabki partiyasini Kiyevga topshirdi

Qolgan F-16 qiruvchi samolyotlari yaqin oylarda Kiyevga taqdim etiladi, dedi Ruben Brekelmans Xarkivga borganidan keyin. Kiyevda u dronlarga sarmoya kiritilishini e’lon qildi.

Foto: Valentyn Ogirenko/REUTERS

Niderlandiya mudofaa vaziri Ruben Brekelmans F-16 qiruvchilarining birinchi partiyasi Ukrainaga topshirilganini ma’lum qildi. «Birinchi marta niderlandlarning dastlabki F-16 samolyotlari Ukrainaga yetkazilganini e’lon qilishim mumkin», — deb yozdi u 6 oktyabr, yakshanba kuni Xarkiv va Kiyevga e’lon qilinmagan tashrifidan so‘ng X ijtimoiy tarmog‘ida.

Unga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlariga zudlik bilan samolyotlar kerak. «Xarkivda men Rossiya aviazarbalaridan yetkazilgan zararni ko‘rdim va havo trevogasi signallarini eshitdim», deb tushuntirdi vazir. Shuningdek, u qolgan 24 ta samolyot yaqin oylarda topshirilishini aytdi. 5 oktyabr kuni Xarkivga tashrif buyurgan Brekelmans bu shaharni himoya qilishning yagona yo‘li Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba berish ekanligini aytdi.

Niderlandiya Ukraina bilan birgalikda dronlar ishlab chiqishga sarmoya kiritadi

Kiyevda Brekelmans Niderlandiya Ukraina bilan birgalikda ilg‘or dronlarni yaratishga 400 million yevro sarmoya kiritishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlar bo‘yicha harakat rejasi jang maydonida qo‘llanadigan texnologiyalarni yaxshilash bo‘yicha Ukraina innovatsiyalari va niderland nou-hausini birlashtiradi.

«Biz har xil turdagi dronlarga e’tibor qaratamiz — ham razvedka, ham mudofaa, shuningdek, hujumkorlariga, chunki biz Ukrainaga harbiy nishonlarni yo‘q qilish uchun ham ushbu uchuvchisiz uchoqlar kerakligini ko‘rib turibmiz», — deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters agentligi.

Umerov: samarali muzokaralar

O‘z navbatida, Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov niderland delegatsiyasi bilan samarali muzokaralar olib borilganini ma’lum qildi. «Rossiya agressiyasidan himoya qilish uchun Niderlandiya tomonidan ko‘rsatilayotgan har tomonlama yordam uchun chin dildan minnatdorman», — deb yozadi u.

Umerovning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar aviatsiya koalitsiyasi doirasida, jumladan ekipajlarni tayyorlash va qurol-yarog‘, shuningdek, samolyotlar uchun ehtiyot qismlar yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan.

Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri Niderlandiya Ukrainaga umumiy qiymati 10 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini oldi, shundan 4 milliard yevro sarflab bo‘lindi.

Mavzuga oid