Qozog‘istonda Marburg virusi tufayli aeroportlarda yo‘lovchilar haroratini o‘lchash boshlandi
Respublikaga kelganlar davlat chegarasini kesib o‘tishda tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Qozog‘iston xalqaro aeroportlarida Marburg virusining mamlakatga kirib kelishi xavfi tufayli chet eldan kelayotgan barcha yo‘lovchilarning tana haroratini masofadan o‘lchash amaliyoti joriy etilmoqda. Bu haqda mamlakat bosh davlat sanitariya vrachi Sarxat Beysenova ma’lum qildi, deya uning so‘zlarini keltirmoqda respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Mamlakatga kelganlar davlat chegarasini kesib o‘tishda tekshiruvdan o‘tkaziladi. Tekshiruv har qanday mamlakatdan kelganlarni qamrab oladimi yoki faqat infeksiya o‘choqlari qayd etilgan Afrika davlatlaridan kelganlarga taalluqlimi, Beysenova bunga aniqlik kiritmadi.
Qozog‘iston SSV chegaradagi sanitariya-karantin nazoratini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Marburg epidemiyasi dunyoga xavf solayotgani haqida ogohlantirganidan so‘ng joriy etdi. JSSTning ogohlantiruvi sentabr oyi oxirida, Ruandada ushbu kasallik tarqalgani tasdiqlangandan keyin e’lon qilingandi.
3 oktyabr holatiga ko‘ra, Ruandaning Kongo Demokratik Respublikasi, Tanzaniya va Uganda bilan chegaradosh bo‘lgan okruglarida 36 kishida kasallik qayd etilgan, 11 kishi vafot etgan.
Bemorlarning 70 foizi sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari ekani ma’lum bo‘ldi. Tirik qolgan bemorlar izolyatsiyaga olindi va davolanish uchun kasalxonalarga yuborildi, mahalliy hokimiyat ular bilan aloqada bo‘lganlar ustidan nazorat o‘rnatdi.
Marburg virusi Ebola virusiga “qarindosh”, ammo undan xavfliroq hisoblanadi. Infeksiyadan o‘lim darajasi 88 foizga yetadi. Virus asosan kasallangan odamlarning tana suyuqliklari (qon, siydik, najas, qusish, tupuk va boshqalar) bilan aloqa qilish orqali yuqadi.
JSST boshqa mamlakatlarga kasallik tarqalishi xavfi haqida ogohlantirdi. 3 oktyabr kuni Germaniyada tibbiyot fakulteti talabasi va uning sevgilisi virusga chalinishda gumonlanib poyezddan tushirildi: yigit Ruandadan qaytayotgan edi, u yerda bemorlarni davolagan. Tekshiruv tufayli vokzal qisman yopildi, ammo olib borilgan tahlillar juftlikda Marburg virusi mavjudligini tasdiqlamadi.
Keyinroq JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyyesus Marburg virusi keltirib chiqaradigan kasallikning global darajada tarqalish xavfi yuqori emasligini aytdi.
Mavzuga oid
17:43
Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida yuzlab yuk mashinalari to‘planib qoldi
12:47 / 22.11.2024
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obektlari xavfsizligini kuchaytirdi
16:29 / 19.11.2024
Qozog‘istonda magistral yo‘lda o‘rtacha tezlikni oshirganlar jarimaga tortiladi
20:59 / 18.11.2024