O‘zbekiston | 18:30 / 07.10.2024
3168
2 daqiqa o‘qiladi

Qurilish sohasida aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan holatlar haqida ma’lumot berildi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, nizoli masalalar aholi yashash uylari bilan qurilish obektidagi oraliq masofa saqlanmasligi oqibatida yuzaga kelmoqda.

Foto: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi

Yakka tartibdagi uy-joylar hududida qo‘shimcha ko‘pqavatli turar joy qurilishiga ruxsatnoma berilishi oqibatida aholining murojaati kundan-kunga ko‘paymoqda. Nizoli masalalar aholi yashash uylari bilan oraliq masofa saqlanmasligi oqibatida yuzaga kelayotgani bilan bog‘liq. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri vazifasini bajaruvchi Sherzod Hidoyatov raisligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd qilinishicha, shikoyatlar soni Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida keskin oshgan.

Shuningdek, tuman (shahar) qurilish bo‘limlarining obektni ixtisosligini o‘zgartirishga bergan ruxsatnomalari o‘rganilganda ko‘plab qonunbuzarliklar aniqlangan.

Jumladan, 20 ta holatda jami 280 950 kv.m. noturar joy obekti va uning butun egallagan yer uchastkasi hamda qurilish qilinmagan bo‘sh yer uchastkalari turar joy sifatida xususiylashtirilgan. 19 ta holatda 235 950 kv.m. turar joy sifatida yashashga yaroqsizligiga, ruxsatnoma berish tegishli talab va shartlariga muvofiq berilmagan. 1 ta holatda 45 000 kv.m. qurilish qilinmagan bo‘sh yer uchastkasi yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ixtisosligi o‘zgartirib berilgan.

Shu bilan birga, prezidentning tegishli qaroriga asosan 154 ta shaharsozlik hujjati ishlab chiqilishi belgilangan bo‘lsa-da, bugunga qadar 147 tasi bajarilgan xolos. Xususan, Jizzax, Farg‘ona va Urganch shahri bosh rejasi haligacha yakunlanmagan.

Bundan tashqari, hududiy «Arxitektura-shaharsozlik» Kengashiga kiritilgan loyihalarni ko‘rib chiqish va kelishish muddatlari surunkali ravishda buzilgan. Bu boradagi eng qoniqarsiz ahvol Buxoro, Qashqadaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida aniqlangan.

Mavzuga oid