O‘zbekiston | 13:38 / 07.10.2024
1265
2 daqiqa o‘qiladi

«Shaffof sement sanoat»ga manipulyatsiya harakatlarini sodir etgani uchun chora ko‘rildi

«Shaffof sement sanoat» MChJ 20 ming 645 tonna sementni birjaga qo‘ymasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali sotgan. Raqobat qo‘mitasi bu harakatni manipulyatsiya deb baholadi.

Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringda Shaffof sement sanoat tomonidan 2023 yil yanvar-dekabr va 2024 yil yanvar-iyul oylarida 298 ta holatda 20 ming 645 tonna sement birja savdolariga qo‘yilmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali sotilgani aniqlangan.

 Shuningdek, mahsulot sotilgan kunlardagi narxlar 2023−2024 yillar davomida birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslangan. 298 ta holatda mahsulot narxlarini yuqori qo‘llash natijasida jami 669 mln so‘mga yaqin miqdorda tafovut (farq) holati aniqlangan.

 Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, «Yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotish» harakatlari manipulyatsiya hisoblanadi.

 Yuqoridagilarga muvofiq, Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasining maxsus komissiyasi tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasi talablari buzilishi alomatlari bilan Shaffof sement sanoat qo‘shma korxonasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llangan.

Mavzuga oid