Fan-texnika | 16:41
910
3 daqiqa o‘qiladi

Apple aqlli soatlari kasallikni bir necha kun oldindan prognoz qila olishi ma’lum bo‘ldi

Apple Watch foydalanuvchilarining aytishicha, ulardagi aqlli soatlar biror kasallik yaqinlashayotgani haqida hatto uning ilk alomatlari sezilishidan bir necha kun avvalroq ogohlantiradi.

Xususan, Reddit foydalanuvchilari kasallikka chalinishidan 3 kun oldin soati sog‘lig‘idagi o‘zgarishlar haqida ogohlantirish berganini yozdi.

Bunday funksiya Vitals (“Asosiy ko‘rsatkichlar”) dasturi yordamida ishlaydi. Ushbu yangi dastur 2024 yil sentabr oyida watchOS 11 tizimi bilan birga Apple Watch Series 8 va undan keyingi rusumli soatlarda paydo bo‘ldi. Dastur uyqu vaqtida ishlab, sog‘liq haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi. “Asosiy ko‘rsatkichlar” uyquning miqdori va sifati, yurak urishi, nafas olish tezligi, bilak harorati, qondagi kislorod miqdori va boshqa ko‘rsatkichlarni hisobga oladi. Shu tariqa foydalanuvchi o‘zining umumiy holati va kayfiyatini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dasturda o‘lchovlar me’yor doirasida bo‘lsa, ko‘k rang, noodatiy bo‘lsa, pushti rang bilan belgilanadi.

“Vitals funksiyasi beta-versiyada paydo bo‘lishi bilanoq undan foydalanishni boshlaganman va o‘shandan beri ikki marta betob bo‘ldim. Har ikki holatda ham kasallik boshlanishidan bir necha kun oldin buning xabarini oldim, ammo o‘sha paytda o‘zimni yomon his qilmayotgan edim”, — deydi Reddit foydalanuvchilaridan biri.

Boshqa bir foydalanuvchi esa grippga qarshi emlangandan so‘ng Vitals tizimi o‘zgarishlarni qayd etganini aytdi. Ertasi kuni ertalab soat uning bilak harorati, yurak urishi tezligi va nafas olish chastotasida anomaliyalarni aniqlagan.

“Grippga qarshi emlanganimdan so‘ng soatim 100 foiz sog‘lom emasligimni aniqladi. Rostdan ham o‘zimni yomon his qilayotgandim. Ochig‘i, bu juda ajablanarli”, — deb izoh berdi Apple Watch egasi.

Vitals ma’lumotlarini Apple Watch soatida yoki iPhone’dagi “Salomatlik” dasturining shu nomdagi bo‘limida ko‘rish mumkin. Apple kompaniyasi ta’kidlashicha, Vitals juda ko‘p ma’lumotlarni to‘plasa-da, u kasalliklarga tashxis qo‘yishga mo‘ljallanmagan.

Mavzuga oid