Jahon | 20:39 / 08.10.2024
2004
3 daqiqa o‘qiladi

Belarusda «davlat hokimiyatini egallashga uringan» 22 nafar muxolifatchiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jinoyat ishi «Platforma 2025» - avgust oyida Vilnyusda Belarus demokratik kuchlari tomonidan qabul qilingan hujjat tufayli qo‘zg‘atilgan.

Aleksandr Lukashenko / Foto: AP

Belarus Tergov qo‘mitasi 8 oktyabr kuni davlat hokimiyatini egallash maqsadida fitna uyushtirganlikda gumonlangan 22 kishiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Qayd etilishicha, ish «Platforma 2025» — avgust oyida Vilnyusda Belarus demokratik kuchlari tomonidan qabul qilingan hujjat tufayli qo‘zg‘atilgan. Hujjatda aytilishicha, Aleksandr Lukashenko «hokimiyatni jinoiy ravishda ushlab turibdi», Belarus davlat tuzilmalari saylovlar o‘tkazish uchun legitim emas, «Platforma 2025»ning asosiy vazifasi — «Belarusda repressiyani tugatish va siyosiy mahbuslarni ozod etish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish»dan iborat.

Tergov qo‘mitasining ma’lum qilishicha, «Platforma 2025»ni ishlab chiqishda ishtirok etgan muxolifat vakillari «2025 yilda o‘tkaziladigan saylovlarni barbod qilish bo‘yicha reja ishlab chiqishga» urinmoqda. Tergov versiyasiga ko‘ra, «Platforma 2025» konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, ichki ishlarga chetdan aralashish, mamlakatning milliy manfaatlariga zid siyosiy yo‘nalishni joriy etish, axborotni buzib talqin qilish, saylovoldi tashviqotini obro‘sizlantirish, jamiyatdagi keskinlik va qarama-qarshilikni kuchaytirishga qaratilgan.

Ta’kidlanishicha, gumonlanuvchilar Svetlana Tixanovskaya va uning tarafdorlarini Belarus Respublikasida davlat hokimiyatini konstitutsiyaga zid yo‘llar bilan egallab olish faoliyatiga qo‘shilgan shaxslardir. Tergov qo‘mitasining qo‘shimcha qilishicha, hozirda «tergov harakatlari, jumladan, tekshirish, tintuv, mulkni olib qo‘yish va boshqa protsessual harakatlar olib borilmoqda».

Tergov qo‘mitasi may oyida Belarus muxolifati Muvofiqlashtiruvchi kengashi saylovlarining 257 nafar ishtirokchisiga qarshi ish ochgan edi. Ushbu tuzilma 2020 yilning avgustida, mamlakatdagi siyosiy inqirozni yengib o‘tish maqsadida Aleksandr Lukashenkoga qarshi norozilik namoyishlari vaqtida shakllantirilgan. Ishga aloqador shaxslar hokimiyatni egallashga urinishda ayblangan.

Belarusda prezidentlik saylovlari 2025 yil 20 iyulgacha o‘tkaziladi, hozircha aniq sanasi belgilanmagan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz berish jarayonlari 23 fevral kuni o‘tkazilishi mumkin. Aleksandr Lukashenko yana nomzodini qo‘yishini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid