Iqtisodiyot | 18:23 / 08.10.2024
6074
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksporti keskin qisqardi. Nega?

Yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonning Qozog‘istonga eksporti 8,3 foizga, Qirg‘izistonga 25,6 foizga, Tojikistonga 15,3 foizga va Turkmanistonga 36,2 foizga qisqardi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi buni eksportning xarid qobiliyati yuqori bo‘lgan mamlakatlarga diversifikatsiya bo‘layotgani bilan izohladi.

Foto: Kun.uz

Oxirgi yillarda Markaziy Osiyoda o‘zaro jipslashish zaruratiga katta urg‘u berilmoqda. Mintaqa davlatlarini bunga undayotgan eng asosiy omillar biri – iqtisodiy manfaatlar. Ammo joriy yilda O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlarga eksport hajmi keskin ravishda pasayib ketdi.

Statistika agentligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-avgust oylarida to‘rtta qo‘shni mamlakatga eksport hajmi 2023 yilning mos davriga nisbatan quyidagicha miqdorlarda pasaygan:

  • Qozog‘istonga 950 mln dollardan 872 mln dollargacha;
  • Qirg‘izistonga 491 mln dollardan 365 mln dollargacha;
  • Tojikistonga 389 mln dollardan 329 mln dollargacha;
  • Turkmanistonga 118 mln dollardan 78 mln dollargacha qisqargan.

O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasida Markaziy Osiyo davlatlarining ulushi 2023 yilning dastlabki 9 oyida 11,5 foizni (40 mlrd 45 mln dollarlik TSAning 4 mlrd 574,3 mln dollari MO davlatlari bilan) tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu 10,3 foizgacha (42 mlrd 703,3 mln dollarlik TSAning 4 mlrd 400,6 mln dollari MO davlatlari bilan) kamaydi.

Yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlariga eksporti hajmi (mln dollarda):

“Bu – eksport diversifikatsiyasi bilan bog‘liq”

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, xarid qobiliyati yuqori bo‘lgan mamlakatlarga eksport hajmini oshirishga ko‘proq e’tibor qaratilayotgani uchun qo‘shni mamlakatlarga mahsulot yetkazib berish qisqargan.

“O‘tgan davr mobaynida yangi bozorlarni topish va ularga kirishdagi mavjud tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf qilish, murakkab geografik joylashuvimizni hisobga olgan holda samarali transport-logistika tizimini tashkil qilish orqali xarid qobiliyati yuqori bo‘lgan Yevropa, arab davlatlari, Janubiy-Sharqiy Osiyo, Amerika qit’asi mamlakatlariga eksport hajmini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Amalga oshirilgan ishlar samarasi o‘laroq, yanvar-avgust oylarida eksport hajmi Saudiya Arabistoni va Shvetsiyaga qariyb 5 barobar, Portugaliya, Irlandiya, Braziliya, Finlandiya va Bahraynga 4 barobargacha, Sloveniya, Daniya, Marokash va AQShga 3 barobargacha, Kanada, Fransiya, Qatar, Litva va Shveytsariyaga 2 barobargacha oshdi.

Shu bilan birga, difersifikatsiya natijasida an’anaviy bozor hisoblangan qo‘shni mamlakatlarga eksport hajmi kamaygan. Xususan, Qozog‘istonga eksport hajmi 8,3 foiz, Qirg‘izistonga 25,6 foiz, Tojikistonga 15,3 foiz va Turkmanistonga 36,2 foiz qisqardi”, deyiladi vazirlik izohida.

Iqtisodiy integratsiya zarurati

Markaziy Osiyoning hech bir davlati uchun boshqa biri asosiy iqtisodiy hamkor mamlakat emas. Mintaqa iqtisodiyotlari haligacha xomashyo resurslari eksportiga bog‘lanib qolgan.

Mustaqillikdan keyin neft va tabiiy gazning yirik eksportchilari – Qozog‘iston va Turkmaniston uchun Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Rossiya bozorlari ustuvor bo‘lgan. Chunki Markaziy Osiyo mamlakatlarida katta miqdorda yonilg‘i resurslarini iste’mol qilish va xarid qilish imkoniyati bo‘lmagan. Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning ham asosiy savdo-sotiq va investitsiya sheriklari hisoblanadi. Tabiiyki, tashqi savdodagi bunday nomutanosiblik davlatlar kesimida xalqaro aloqalarga nisbatan turli strategiyalar qo‘llashga sabab bo‘lib keladi. Bu esa umumiy iqtisodiy manfaatlarga ko‘p holatlarda mos kelmaydi. Masalan, gaz taqchilligiga duchor bo‘lgan O‘zbekiston ushbu resursni qo‘shni Turkmanistondan emas, Rossiyadan import qilishga qaror qilgan.

Mavzuga oid