Jahon | 11:00 / 09.10.2024
40377
6 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik ayol bor mulkini sotib, orzusidagi sayohatga chipta olgandi. Ammo unga kemaga chiqish taqiqlandi

Ayol 350 ming dollarga kemada dunyo bo‘ylab sayohat qilish uchun barcha mol-mulkini sotdi. Biroq uning orzusi amalga oshmay qoldi - WhatsApp’dagi yozishmalari tufayli unga kemaga chiqishga ruxsat berilmadi.

Foto: Daily Mail

Florida shtatida yashovchi 68 yoshli Jyenni Feniks Yevropa, Osiyo va Amerika bo‘ylab uch yillik sayohatni uzoq vaqtdan beri kutayotgandi. Ammo jiddiy kechikishlar tufayli uning orzusi barbod bo‘ldi. Sayohatga olib chiqadigan Odyssey kemasi Irlandiyaning Belfast shahrida uch oy ushlanib qoldi.

Kemaga egalik qiluvchi Life at Sea Cruises kompaniyasi yo‘lovchilarning ovqatlanish va yashash xarajatlarini qoplamasligi oldindan belgilangandi. Yo‘lovchilarning ko‘pchiligi Belfastda qolish uchun o‘z mablag‘larini sarflashga majbur ekani aniq bo‘lgach kema ta’mirlanguncha o‘z mamlakatlariga qaytishga qaror qilgan.

Ikki bolaning yolg‘iz onasi Feniks umr bo‘yi orzu qilgan sayohatga chiqish uchun mol-mulkini sotgandi. U kema Mayamida to‘xtaganda, Floridada qolgan narsalarini olib ketishni rejalashtirgan.

Ammo kema jo‘nashi kechiktirildi. Jyenni Feniks esa WhatsApp guruhidagi boshqa yo‘lovchilarga bu ahvolda kema Mayamida to‘xtamasligini aytgan. U Belfastdan jo‘naganidan keyin ham kemada ta’mirlash ishlari davom etishini taxmin qilgan. Shuningdek, ayol o‘zi band qilgan kayutadan haligacha ekipaj foydalanayotgani sababli, vaqtinchalik kayuta bilan qanoatlanishga majbur bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Bu gaplar qandaydir yo‘l bilan kruiz egalariga yetib bordi. Ular ayolga “jamiyatning ma’naviy ruhiga ta’sir qiluvchi xatti-harakatlari” tufayli u bilan sayohat shartnomasi bekor qilinganini bildirdi.

Telegraph nashri xabar qilishicha, bosh operatsion direktor Keti Villalba ayolga shunday xat yuborgan:

“Kema yo‘lovchilaridan sizning doimiy shikoyatlaringiz va salbiy munosabatingiz haqida o‘ndan ortiq rasmiy e’tiroz oldik. Bunday xatti-harakatlar boshqa yo‘lovchilarning kayfiyati va farovonligiga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shu sababli, boshqa yo‘lovchilar o‘zlarini xotirjam va mamnun his qilishlari uchun sizning shartnomangizni butunlay bekor qilishga majburmiz”.

Bu xabar Feniksni hayratda qoldirdi.

“Men hech qachon qo‘pollik yoki hurmatsizlik qilmaganman. Bular shaxsiy suhbatlar edi, ijtimoiy tarmoqlarda hech narsani ommaviy yozmaganman”, — dedi u.

Ayol birinchi reysning doimiy ravishda kechiktirilishidan ranjigan yagona odam emasligini aytdi.

“Har bir kechikishdan so‘ng yo‘lovchilar orasida norozilik ortib borardi”, — dedi Feniks. “Men odatda bu haqda boshqalarga qaraganda ochiqroq savol berardim. Ko‘plab yo‘lovchilar o‘zlari o‘ylagan, ammo aytishga botinolmagan fikrlarni ochiq aytganim uchun menga shaxsan minnatdorchilik bildirishardi.”

Yo‘lovchilardan ba’zilari sayohatga chiqish uchun uylarini sotgan, kema Belfastda to‘xtab qolganida ular qiyinchiliklarga duch kelganini aytgan.

Feniks uch yillik kruizga qattiq umid bog‘lagandi. U ilgari sayohat qilmoqchi bo‘lgan boshqa bir kompaniya — Floridadagi Life at Sea bankrot bo‘lgan. Ayol undan 30 000 dollar pulini haligacha olmagan.

2024 yilning may oyida u 147 mamlakat bo‘ylab sayohat qilishni rejalashtirgan Odyssey’ga chiqish uchun Angliyaning Sauthempton shahriga uchib kelgandi.

“Bizni biroz kechikish haqida xabardor qilishdi, ammo bu jiddiy narsadek tuyilmagandi, shuning uchun sayohat rejalari o‘z kuchida qoldi, mehmonxonalar bron qilingandi”, — dedi Feniks.

Biroq keyinchalik kompaniya kemaning Belfastdan jo‘nab ketishi 30 mayga ko‘chirilganini ma’lum qildi. Kemada yanada ko‘proq muammolar aniqlangan.

Pandemiya davrida kema to‘rt yil bekor turgan. Kemaning avvalgi egasi uni ta’mirlash kerakligi haqidagi tavsiyalarga amal qilmagan.

Kema ta’mirlanayotgan vaqtda eng sabrli yo‘lovchilar Belfastda qoldi. Feniks esa boshqa kruiz — Royal Caribbean kompaniyasining Serenade of the Seas kemasida to‘rt oylik sayohatni amalga oshirdi, so‘ng o‘z ona shtatiga qaytib keldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Odyssey’dagi kruiz uchun depozit unga qisman qaytarilgan, ammo u hali ham nima bo‘lganini tushuna olmayapti.

“Ruhiy va jismoniy azoblarimni tasvirlash qiyin”, — deb ta’kidladi Feniks. “Vaziyatni bolalarimga tushuntirgunimcha bir necha hafta o‘tdi. Bu haqda gaplashish hali ham men uchun og‘ir. Endi hayotimning mutlaqo yangi rejasini ishlab chiqqunga qadar qizimnikida yashashga to‘g‘ri keladi”.

Ammo kema egasining aytishicha, Feniks “o‘zi imzolagan maxfiy kelishuvning bir nechta shartlarini buzgan”. Uning aniqlik kiritishicha, kruiz uchun haq to‘lagan boshqa odamlar Feniksni yo‘lovchilar safidan chiqarishga rozi bo‘lgan.

Mavzuga oid