Qishloq xo‘jaligi vazirining yana bir sobiq o‘rinbosari korrupsioner deb topildi
Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Azimjon Nazarovga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Sud uni bir nechta jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topgan. Jinoyat ishi doirasidagi zarar miqdori 500 ming dollardan ortiq. Azimjon Nazarov oxirgi vaqtlarda tergovga tortilgan QXV tizimidagi uchinchi yirik amaldor bo‘ldi.
2017 yildan keyin innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari, suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari va qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan Azimjon Nazarov jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, Azimjon Nazarovning jinoyati u 2008 yilda tashkil qilib, 2017 yilgacha yagona ta’sischi va direktor sifatida boshqargan “Nazar Business and Technology” MChJ bilan bog‘liq. Nazarov 2017 yil 28 dekabr kuni innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangach, “Nazar Business and Technology” MChJ rahbarligini go‘yoki boshqa odamga topshirib, o‘zida yagona ta’sischilikni saqlab qolgan.
2015 yil 24 martdagi prezident qaroriga asosan, “Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasini amalga oshirish yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirligi va Jahon banki o‘rtasida umumiy qiymati 376,71 mln AQSh dollari bo‘lgan qarz bitimi imzolangan. Suv xo‘jaligi vazirligi loyihani amalga oshirish, kredit, qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishga mas’ul etib belgilangan.
2016 yil 5 avgust kuni Suv xo‘jaligi vazirligining Jahon banki loyihalarini amalga oshirish guruhi va Azimjon Nazarov ta’sischiligidagi “Nazar Business and Technology” MChJ o‘rtasida “Monitoring va baholash” hamda “Ijtimoiy himoya choralari va atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi hujjatni yaratish” bo‘yicha 2016-2021 yillarda konsalting xizmatlarni ko‘rsatish yuzasidan umumiy qiymati 950 320 AQSh dollariga teng bo‘lgan shartnoma imzolangan.
Azimjon Nazarov MChJdagi o‘rinbosari va bosh hisobchi bilan davlat tashqi qarzi hisobidan mazkur loyihaga jalb qilingan mablag‘larni qonunga xilof ravishda o‘zlashtirish yuzasidan jinoiy reja tuzgan. Unga asosan, loyihaga jalb qilingan mutaxassislar tomonidan haqiqatda bajarilmagan ish turlarini go‘yoki bajarilgani haqida yolg‘on ma’lumotlar kiritilgan tabel va hisob-fakturalar tayyorlash orqali mablag‘larni o‘zlashtirishni yo‘lga qo‘ygan.
Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi xodimi tomonidan tuzilgan 2024 yil 7 martdagi umumiy dalolatnomaga ko‘ra, Nazarov va sheriklari loyiha doirasida shartnoma shartlariga zid ravishda haqiqatda bajarilmagan konsalting xizmatlarini go‘yoki bajarilgan deb ko‘rsatish orqali “Nazar Business and Technology” MChJga 17 ta holatda jami 562 428 AQSh dollari pul mablag‘i ortiqcha to‘lanishiga erishgan.
Bundan tashqari, hukmda keltirilishicha, Azimjon Nazarov suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan davrida mansabga sovuqqonlik bilan qarashi oqibatida nasos stansiyalarini modernizatsiyalashga aloqador yirik loyihaning qiymati 95,4 mln AQSh dollariga ko‘paytirilgan, shuningdek, budjetdan 3,7 mlrd so‘m pul mablag‘lar asossiz sarflangan.
Jinoyat ishi doirasida 2024 yil 10 yanvardan 21 maygacha qamoqda saqlangan Azimjon Nazarov sudda ayblovlarga iqrorlik bildirmagan hamda umuman jinoyat sodir etmaganini aytib, suddan o‘ziga nisbatan odilona qaror qabul qilishni so‘ragan. Biroq sudlanuvchining aybi guvohlarning ko‘rsatmalari bilan o‘z isbotini to‘liq topgani qayd etilgan.
Sud hukmi bilan Azimjon Nazarov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismining “a” bandi, 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismining “a” bandi, 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) hamda 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan.
Unga 2 yil muddatga korxona, tashkilot va muassasalarda moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalar hamda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Depozit hisob raqamiga topshirilgan 7 mlrd 79 mln so‘m pul mablag‘i sud ish bo‘yicha yetkazilgan 562 428 AQSh dollari miqdoridagi zararni (hukm e’lon qilingan kundagi rasmiy kurs hisobiga 7 mlrd 170,8 mln) qoplash uchun davlat daromadi hisobiga o‘tkazilgan. Shuningdek, “Nazar Business and Technology” MChJ ofis sifatida foydalanib kelgan Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Imom At-Termiziy ko‘chasidagi binoni davlat foydasiga musodara qilish va uning sotuvidan tushgan pulning bir qismi bilan qolgan zararni qoplash, qolgan qismini esa davlat foydasiga musodara qilish nazarda tutilgan.
Ma’lumot uchun, 48 yoshli Azimjon Nazarov 2023 yilning oktyabr oyi oxirida qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan. U bungacha suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
Avvalroq sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov nimalarda ayblanayotgani, qishloq xo‘jaligi vazirining sobiq o‘rinbosari Alisher To‘rayev qariyb 10 mlrd so‘mlik 1 mln dona uzum ko‘chatini yetkazib berish ishi bo‘yicha talon-toroj qilish va mansab soxtakorligida aybli deb topilgani hamda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
14:59
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasiga Belgiya tajribasi joriy etiladi
12:32
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
15:45 / 21.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
12:10 / 20.11.2024