Ruldagi bola qamalar, Gentra’ni ijaraga bergan-chi? Noqonuniy mashina ijarasi o‘smirlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda
Namangan shahrida uch va Navoiy viloyatida ikki o‘quvchi ijaraga mashina olib haydash ortidan YTHga uchrab, halok bo‘ldi. Ushbu turdagi hodisalarning jamoatchilikdan yashirilganlari ham bor. O‘smirlar o‘lib ketyapti, 200-300 ming so‘mga ularga mashinasini ijaraga bergan shaxslar esa ma’muriy jarima bilan qutulmoqda. Negaki, bu qilmish uchun bundan ortiq jazo yo‘q.
300 ming so‘mga “sotib olingan” o‘lim
So‘nggi paytlarda ma’lum bir mablag‘ evaziga voyaga yetmaganlarga ijaraga mashina berish mudhish YTH va o‘limlar bilan yakun topyapti. Navoiy va Namangan viloyatlarida kuzatilgan holatlar bunga yaqqol misol.
Jumladan, 2024 yilning 23 aprel kuni Navoiy viloyatining Navbahor tumanida inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Keyinchalik YTHga uchragan Matiz mashinasi Karmana va Navoiy shahridagi maktablarning 8- va 9-sinf o‘quvchilari tomonidan ijara olingani oydinlashdi.
O‘quvchilar mashinada qo‘shni Nurota tumaniga sayohatga borgan. Ular ortga qaytishda ruldagi o‘quvchi boshqaruvni yo‘qotib, YTH sodir qilgan. Buning oqibatida 2 o‘quvchi voqea joyida halok bo‘lgan. Uchinchi o‘quvchi esa og‘ir tan jarohati bilan Karmana tumani markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
2 oktyabr kuni Namangan shahrida ham shu kabi YTH sodir bo‘ldi. 5 nafar o‘quvchi ijaraga Gentra mashinasini olib, shaharning Marg‘ilon ko‘chasi bo‘ylab katta tezlikda boshqarib borayotganida yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketgan. Yo‘l o‘rtasidagi beton to‘siqdan oshib o‘tgan mashina yuk mashinasiga borib urilgan.
YTH oqibatida 3 nafar o‘smir vafot etgan. Shuningdek, ikki o‘smir og‘ir tan jarohati olib RShTYoIM Namangan viloyati filiali jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Namangan viloyati IIB YHXB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Gentra egasi mashinani voyaga yetmaganlarga 300 ming so‘m evaziga ijaraga bergan. Ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani bildirilgan.
“200 ming so‘m evaziga 2 soatga ijaraga bergan ekan”
Namangandagi YTHda halok bo‘lgan Ayubxon Akramovning bobosi Olimjon Akramov haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan bolalarga mashina berish jazolanishi kerakligini ta’kidladi.
“Nabiram, Akramov Ayubxon 2 oktyabr kuni kollejga ketgan edi. Ko‘chada o‘rtoqlari bilan birga 5 kishi ijaraga mashina olishgan va shu mashinada avtohalokatga uchrashgan. Nabiram mashinaning birinchi o‘rindig‘ida o‘tirgan ekan va voqea joyida vafot etgan. Mashinaning asl egasi ayol kishi bo‘lganini ta’ziyaga kelgan odamlardan bildik. O‘sha mashinani ayoldan ijaraga olgan bir yigit nevaralarimga 200 ming so‘m evaziga 2 soatga ijaraga bergan ekan. Oilamiz uchun bu juda katta musibat bo‘ldi. Va voyaga yetmagan, haydovchilik guvohnomasi yo‘q bolalarga mashinani topshirib qo‘ygan odamni albatta jazolash shart. Zora shu orqali barcha haydovchi yoki ijaraga mashina beruvchilar bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishadi”, dedi Olimjon Akramov Kun.uz’ga bergan intervyusida.
“Prava”si yo‘qligini bilmagandim”
Navoiydagi holatda Matiz egasi mashinani 300 ming so‘m evaziga o‘quvchilarga bir necha soatga ijaraga bergan. U ushbu faoliyat, ya’ni mashinasini kunlik ijaraga berish bilan oldindan shug‘ullanib kelgan.
“Mashinani tanishimga bergandim. O‘zim Buxoroda edim o‘sha kuni. U tanishim bolalarga bergan. Men ularning “prava”si yo‘qligini hamda voyaga yetmaganini bilmaganman. Agar bilganimda bermasdim. Ular menga yoshi yetishini, haydovchilik guvohnomasi borligini aytgan”, deya ma’lum qilgan Matiz egasi.
U tanishim deya ta’kidlagan vositachi haydovchining o‘zi ham hali kollej o‘quvchisi bo‘lgan.
“Seshanba kuni ertalab soat 8:30 larda mashinaning egasi telefon qildi. Uka, tushlikkacha taksi qilasan, soat 12:00 da ikkita bola boradi, 300 ming so‘m pulini olib, mashinani berasan, dedi. O‘zi Buxoroda ekanini, kelgach pulni olishini aytdi. Men bolalarga mashinani berib, pulni oldim. Ular mashina egasi bilan o‘zlari gaplashdi. Soat 15:30 larda mashina egasi kelib, mendan ajara pulini olib ketdi”, deya ta’kidlagan u.
Navoiy viloyati IIB YHXB matbuot xizmatiga ko‘ra, Navoiydagi holatda Matiz egasiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 5 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llangan. Ya’ni qaysidir ma’noda ikki o‘quvchining o‘limida sababkor bo‘lgan shaxs (agar u mashinasini o‘smirlarga berib yubormaganida ushbu YTH sodir bo‘lmasdi) arzimagan jarima bilan qutulib qolmoqda.
Katta e’timol bilan Namanganda o‘quvchilarga Gentra’sini ijaraga bergan shaxs ham “suvdan quruq chiqadi”. Negaki, mashinasini ma’lum bir mablag‘ evaziga voyaga yetmaganlarga ijaraga berish o‘lim oqibatiga olib kelganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanganman.
Bunday harakat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) 2-qismi bilan malakalanadi. Bunga ko‘ra, transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning shu vositalarni boshqarishi, xuddi shuningdek boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishning topshirilishi bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari bugungi kunda 1 mln 875 ming so‘mni tashkil qiladi. Bu daromad ko‘rish ilinjida mashinasini voyaga yetmaganlarga ijaraga bergan shaxslarga agar ushbu holat inson o‘limiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, juda yumshoq jazodir.
“Kuni bo‘yi kira qilganini bir necha soatda topadi”
Aslida bugungi kunda o‘smirlarga mashina boshqaruvini ishonib topshirish ularning qo‘liga qurol berishdek gap. Afsuski, bu ishni qilayotgan shaxslar kun sayin ko‘paymoqda. Hatto maktablar oldiga borib, o‘smirlik qiziqishidan foydalangan holda yuqori sinf o‘quvchilariga pul evaziga mashina boshqarib ko‘rishni taklif qilayotganlar ham yo‘q emas.
Ayniqsa, ushbu holat vodiy viloyatlarida, jumladan, Namanganda ko‘payib bormoqda. Buning sababini Kun.uz bilan suhbatlashgan, ismini oshkor qilishni istamagan haydovchi shunday izohlaydi:
“Namanganda mashinasini ijaraga berib turish avjiga chiqdi. Haydovchilik guvohnomasi bormi-yo‘qmi, so‘rab ham o‘tirishmaydi. 300-400 ming so‘m bersa bo‘ldi. Boyroq oilalarning farzandlari uchun 100 ming-200 ming so‘m nima bo‘libdi, 3-4 nafari mashinani ijaraga olishadi va bir necha soat haydab yurishadi. Mashina egasi kuni bo‘yi kira qilib yig‘adian pulini bir necha soatda topadi. Uning ham oshig‘i olchi”.
Bunday holatlar nazoratga olinmasa jiddiy oqibatlarga olib boradi. Buni Namangandagi YTH misolida ham ko‘rdik.
“Prava”siz ijaraga mashina”
Hozirda Toshkent shahri va boshqa hududlarda “Rent car”lar faoliyati, ya’ni mashinalarni kunlik ijaraga berish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu faoliyat bilan shug‘ullanadigan ko‘plab tadbirkorlik sub’yektlari transport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berishda mijozlarga yosh chegarasi va haydovchilik tajribasi bo‘yicha talablar qo‘yadi.
Masalan, ko‘plab “Rent car”larda yosh chegarasi 22+, haydovchilik tajribasi esa 3 yil qilib belgilangan. Shuningdek, rasmiylashtirish uchun fuqarolik pasporti hamda haydovchilik guvohnomasi talab etiladi.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda “prava”siz mashinani ijaraga berish haqidagi e’lonlar ham uchrab turadi.
Bu turdagi e’lonlar avvalo voyaga yetmagan o‘smirlarni jalb qilish uchun beriladi.
Namanganda mashinalar ijarasi bilan bog‘liq e’lonlar joylashtirib boriladigan Telegram guruhlar faoliyat ko‘rsatgan. Undagi ijarachilarning aksariyati haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa ham mashinani ijaraga bergan. Sodir bo‘lgan YTHdan so‘ng ushbu guruhlar o‘chirib yuborilgan.
Matiz’ning rulidagi bola halok bo‘lgani uchun qilmishning jinoiy tomoni muhokama qilinmagan. Namangandagi YTHda Gentra’ni boshqargan bola tirik. Uni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan YTH sodir etish) bilan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kutmoqda. Ammo asosiy aybdor – “ijarachi”chi? Ha, amaldagi qonunlarga muvofiq u BHMning 5 baravari miqdorida ma’muriy jarima to‘laydi va hech narsa bo‘lmaganday yashashda davom etadi.
Bu mas’ullar uchun jiddiy signal. Mashinasini pul evaziga o‘smirlarga ijaraga berish nazoratga olinmas va o‘lim bilan yakunlangan bunday holatlar uchun og‘ir jazo belgilanmas ekan, shu turishda ham kamaymayotgan yo‘llardagi bolalar o‘limi yanada ortaveradi.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Mavzuga oid
11:28
Farg‘onada sodir bo‘lgan YTHda voyaga yetmagan qiz halok bo‘ldi
16:02 / 20.11.2024
Varshava ko‘chalaridagi o‘limlar 2 barobarga kamaytirildi: qanday qilib?
09:31 / 20.11.2024
Jizzaxda ikki bola mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi
15:53 / 19.11.2024