Sport | 00:46 / 14.10.2024
45199
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyo jamoalarining JCh-2026ga chiqish imkoniyati baholandi – O‘zbekiston 4-o‘rinda

Osiyoda 2026 yilgi jahon chempionati hal qiluvchi saralash bosqich 3-tur o‘yinlaridan keyin We Global Football portali jamoalarning okean ortidagi turnirga borish imkoniyati foizlarini yangiladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasining 3-turda Eron bilan durang (0:0) qayd etganidan keyin A guruhidan JCh-2026 final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olish imkoniyati 75,9 foizdan 82,8 foizga ko‘tarilgan. Ya’ni imkoniyat 7 foizga oshgan. Bu borada mamlakatimiz milliy jamoasi mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun da’vogarlar orasida 4-o‘rinda qayd etilgan.

2-turda Qirg‘iziston ustidan erishilgan g‘alabadan keyin O‘zbekistonning imkoniyati 70,3 foizdan 75,9 foizga ko‘tarilgan, pley-off orqali yo‘llanmaga ega chiqishi 23,8 foizga baholangan, JCh-2026ga bora olmasligi esa 1 foizdan 0,4 foizgacha tushirilgan edi.

A guruhidan Eronning JCh-2026ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri borish imkoniyati eng yuqori baholangan – 98%. Forslarning imkoniyati avvalgi turdan keyin bir foizga – 97%dan 98%ga o‘sgan.

O‘zbekistonning bo‘lajak raqibi BAAning 2-turdagi mag‘lubiyatidan keyin imkoniyati 15,5 foizgacha pasaytirilgan edi, KXDR bilan durangdan keyin yana pasaydi. Qatarning imkoniyati esa 2-turdan keyin 16 foizdan 11,2 foizgacha tushirilgan edi, Qirg‘iziston ustidan g‘alabadan keyin 11,4%ga ko‘tarilgan.

Portal Osiyodan Yaponiya, Eron va Janubiy Koreyaning JCh-2026ga yo‘llanma olishiga deyarli shubha qilmayapti.

Osiyo JCh-2026 saralash bosqichidagi jamoalarning imkoniyatlari:

1. Yaponiya - 99.99 %

2. Eron - 98.0 %

3. Janubiy Koreya - 97.5 %

4. O‘zbekiston - 82.8 %

5. Iroq - 61.5 %

6. Avstraliya - 57.8 %

7. Saudiya Arabistoni - 31.2 %

8. Iordaniya - 29.0 %

9. Ummon - 11.6 %

10. Qatar - 11.4 %

Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 uchun Osiyoga 8,5 o‘rin ajratilgan. Uchta guruhdan 2tadan jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqsa, guruhlardagi 3-4-o‘rindagi jamoalar pley-offlar orqali qolgan 2,5ta yo‘llanma uchun kurash olib boradi. O‘zbekiston A guruhida Eron bilan bir xil ochko (7) jamg‘arib, qo‘shhokimlik qilmoqda.

Mavzuga oid