Jahon | 17:23 / 15.10.2024
22647
5 daqiqa o‘qiladi

Ikki oydan beri dengizda suzib yurgan erkak Kamchatka qirg‘oqlarida qutqarib olindi. Uning hamrohlari halok bo‘lgan

Ular avgust oyi boshida kitlarni tomosha qilish uchun dengizga chiqib ketgandi, ammo sayohatchilar belgilangan vaqtda qaytib kelmagan. Qayiq bilan aloqa uzilib qolgan.

Foto: Videodan kadr

9 avgustdan beri qayiqda suzib yurgan erkak 14 oktyabr kuni Kamchatka qirg‘oqlarida qutqarildi. Qayiqni mahalliy baliqchilar tasodifan payqab qoldi, deb yozmoqda “Kamchatka Life”. Bu vaqt davomida 50 kilogrammga ozib ketgan erkakni darhol shifoxonaga olib ketishgan. Qayiqda yana ikki kishining jasadi bor edi — katta yoshli erkak va o‘smir yigit.

Ularga nima bo‘lgan?

Dastlab ikki erkak va ulardan birining o‘g‘li bo‘lgan 15 yoshli o‘smir 4 avgust kuni kitlarni ko‘rish uchun Shantar orollariga dengizga chiqqan, deb ta’kidlaydi Baza. Ular 9 avgust kuni “Baykat 470” rusumli katamaran tipidagi qayiqda ortga qaytishni boshlagan. Uzoq Sharq transport prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, sayohatchilar Xabarovsk o‘lkasida joylashgan Perovskiy burnidan yo‘lga chiqib, Saxalin viloyatidagi Oxa shahriga yetib kelishi kerak edi.

Ular o‘zlari bilan issiq kiyimlar, qutqaruv jiletlari va falshfeyerlar (signal beruvchi pirotexnika) olib ketgandi. Bundan tashqari, 20 litr suv va oziq-ovqat zaxirasini ham g‘amlab olishgan. Ammo kutilmaganda qayiq bilan aloqa uzilib qoldi, sayohatchilarning o‘zlari belgilangan joyga vaqtida yetib kelmadi.

Qayiq qanday topildi?

Oktyabr oyining boshlarida bedarak yo‘qolganlarning qarindoshlari ularni qidirish uchun Saxalinga keldi. Ular ijaraga qayiq olib, Amur limani qirg‘oqlarini ko‘zdan kechirishdi. Qidiruvlar natija bermadi.

14 oktyabrga kelibgina qayiq Kamchatka o‘lkasining Ust-Xayryuzovo qishlog‘i yaqinidan topildi. Supertraulerlardan birining ekipaji qayiqni radarda ko‘rib, uni suzib yurgan chiqindi deb o‘ylagan.

Ikki kishi — erkak va o‘smir halok bo‘lgan. Marhum erkakning akasi, o‘smirning amakisi bo‘lgan 46 yoshli Mixail Pichugin esa tirik qolgan. U dengiz safari davomida 50 kilogramm vazn yo‘qotdi, hozirda ahvoli og‘ir. Pichugin o‘z qarindoshlarining jasadlarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, safarda qayiqning dvigateli shikastlangan. Holat yuzasidan suv transporti harakati va undan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, ehtiyotsizlik oqibatida ikki va undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi Uzoq Sharq transport prokuraturasi.

Dengizda it bilan

Shu yilning may oyida avstraliyalik Tim Sheddok va uning iti Bella ochiq dengizda uch oy suzib yurganlaridan keyin qutqarilgan edi. Bu vaqt ichida ular xom baliq yeb, yomg‘ir suvini ichgan va shu tariqa omon qolgan.

Erkak Fransuz Polineziyasiga yetib borish maqsadida Meksikadan dengiz sayohatiga chiqqandi. Sayohat davomida qayiqqa bo‘ron urilib, elektronika qurilmalarini shikastlagan. Traulerni kuzatib kelayotgan vertolyotdagilar avstraliyalik erkak va uning itini ko‘rib qoldi. Erkakni tekshirgan shifokor uning hayotiy ko‘rsatkichlari hayratlanarli darajada “me’yoriy” ekanini ma’lum qildi.

Keyinroq Tim Sheddok o‘z intervyusida dengizda og‘ir sinovlarni boshidan o‘tkazganini aytib berdi. “Menga faqat dam olish va yaxshi ovqatlanish kerak, chunki dengizda uzoq vaqt yolg‘iz qoldim. Boshqa jihatdan sog‘lig‘im juda yaxshi. Dori-darmonlarim bor. Menga juda yaxshi g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda”, — deb ta’kidladi avstraliyalik.

Najotkor ketchup

Dominikan Respublikasi fuqarosi qariyb bir oy ochiq dengizda deyarli hech narsa yemasdan omon qoldi. Bu vaqt davomida erkak bitta ketchup bilan oziqlangan.

2022 yil dekabr oyida 47 yoshli Elvis Fransua Karib dengizidagi San-Marten oroli portida yelkanli qayiqni ta’mirlayotgan paytda, to‘satdan bo‘ron ko‘tarilib, kemani ochiq dengizga surib ketgan.

Erkak mobil telefon orqali favqulodda xizmatlar bilan bog‘lanishga uringan, ammo signal topolmagan. U qayig‘i cho‘kib ketmasligi uchun uzluksiz ravishda undan suvni chiqarib tashlashga majbur bo‘lgan. Uzoq vaqt davomida oqim bo‘ylab suzgan erkak turli buyumlar va anjomlar orasidan topilgan birgina ketchup bilan ovqatlanishga majbur bo‘lgan.

24 kundan so‘ng Elvis Fransua Puerto Bolivar shahridan 220 kilometr uzoqlikda Kolumbiya suvlarida qutqarildi. Suzib o‘tayotgan kemalardan birining kapitani qayiq bortida Help yozuvi va oyna yordamida berilayotgan signallarni ko‘rib qolgan.

Mavzuga oid