Jahon | 08:30 / 17.10.2024
10765
3 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu: TsAHAL «Hizbulloh»da Rossiya qurollarini topdi

Isroil harbiylari «Hizbulloh» bazalarini tintuv qilish chog‘ida «eng zamonaviy» rus qurollarini topdi, dedi bosh vazir Netanyahu.

Foto: Hussein Malla/AP/picture alliance

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) askarlari «Hizbulloh» tashkiloti jangchilari bazalarini tintuv qilish chog‘ida Rossiyaning «eng zamonaviy» qurollarini topdi, dedi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 16 oktyabr, chorshanba kuni Fransiyaning Le Figaro gazetasiga bergan intervyusida. 

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, BMTning 2006 yildagi rezolyutsiyasiga ko‘ra, Isroil va Livan chegarasidan oqib o‘tuvchi Letani daryosining janubida faqat Livan armiyasida qurol-yarog‘ bo‘lishi mumkin. «Ammo, «Hizbulloh» bu hududda yuzlab tunnel va yashirin joylar qazdi, u yerda biz hozirgina zamonaviy rus qurollarining bir nechtasini topdik», — deya uning so‘zlarini keltiradi nashr.

Avvalroq The Washington Post (WP) Isroil rasmiylariga tayanib, Livan janubida TsAHAL harbiy amaliyoti chog‘ida Rossiya va Xitoyning tankka qarshi qurollari topilgani haqida xabar bergan edi.

OAV: Isroil Eronning yadroviy inshootlariga zarba bermaydi

Isroil Eronga javob zarbasi berishda yadroviy yoki neft emas, balki Islom Respublikasining harbiy obektlarini nishonga oladi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh prezidenti Jo Baydenga ma’lum qildi, deb yozdi The Washington Post 15 oktyabrga o‘tar kechasi. Aftidan, gap ikki yetakchi o‘rtasida 9 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti haqida ketmoqda.

Isroilning faqat Eron harbiy obektlariga hujum qilish rejasi Vashingtonda «yengillik» bilan kutib olindi, deb yozadi WP. Nashrning qayd etishicha, tahlilchilar Eron neft obektlariga hujum dunyoda energiya narxining oshishiga, yadroviy inshootlarga hujum esa yanada keskinlashuvga olib kelishi va Qo‘shma Shtatlarni mojaroga tortishi mumkinligidan xavfsiragan. Bayden avvalroq Isroilni «boshqa variantlar haqida o‘ylashga» chaqirgan edi.

The Washington Post nashriga ko‘ra, Netanyahu hozir egallagan «nisbatan vazmin pozitsiya» AQSh prezidentining Yaqin Sharqdagi ittifoqdoshiga THAAD raketaga qarshi kuchli mudofaa tizimini yuborish qaroriga ta’sir ko‘rsatdi. Pentagon 13 oktyabr kuni Isroilda THAAD batareyasi joylashtirilishini ma’lum qildi.

Vashingtondagi manbaning WP nashriga aytishicha, Isroilning Eronga zarbasi AQShda 5 noyabrga belgilangan prezidentlik saylovlari oldidan amalga oshirilishi kerak. Agar Isroil o‘z hududining ommaviy o‘qqa tutilishiga javob bermasa, Tehron buni zaiflik belgisi sifatida talqin qilishi mumkin, deb yozadi gazeta. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar bilan maslahatlashuvlar natijasida Isroil «yaqin haftalarda» Livandagi operatsiyasini to‘xtatishini e’lon qildi, deb yozadi gazeta.

Mavzuga oid