Iqtisodiyot | 19:04 / 17.10.2024
2495
4 daqiqa o‘qiladi

XVJ global davlat qarzining yuqori darajasidan xavotirda

Joriy yil oxiriga borib u 100 trillion AQSh dollaridan oshib ketishi yoki jahon yalpi ichki mahsulotining 93 foizini tashkil etishi kutilmoqda va 2030 yilga borib YaIM 100 foiziga yaqinlashadi.

Foto: AFP/Getty Images

Xalqaro Valuta Jamg‘armasi (XVJ) tahlilchilarining aytishicha, global davlat qarzi juda yuqori darajada chiqdi.

«Joriy yil oxiriga borib u 100 trillion AQSh dollaridan oshib ketishi yoki jahon yalpi ichki mahsulotining 93 foizini tashkil etishi kutilmoqda va 2030 yilga borib YaIM 100 foiziga yaqinlashadi. Bu 2019 yilga nisbatan, ya’ni pandemiyadan oldingi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 10 foiz ko‘pdir», deyiladi XVJ bayonotida.

XVJ hisob-kitoblariga ko‘ra, vaziyat noaniq bo‘lsa-da (mamlakatlarning uchdan ikki qismi davlat qarzini barqarorlashtirishi yoki kamaytirishi kutilmoqda), kelajakdagi qarz darajasi hatto prognozlardan ham oshib ketishi mumkin.

«Uni barqarorlashtirish yoki qisqartirish uchun hozir prognoz qilinganidan ko‘ra ko‘proq budjet tuzatishlari talab qilinishi ehtimoli katta», deb ta’kidlaydi jamg‘arma mutaxassislari.

Ular siyosatchilarga pul kursini yumshatish siklidan foydalangan holda o‘sish va zaif oilalarni himoya qiluvchi puxta ishlab chiqilgan fiskal siyosat bilan qarz xatarlariga qarshi turishni tavsiya qilmoqda.

XVJ hisobotida aytilishicha, ko‘plab mamlakatlarning moliyaviy istiqbollari uchta sababga ko‘ra kutilganidan yomonroq bo‘lishi mumkin: xarajatlarga ehtiyojning ortishi, qarz prognozlarining optimistik moyilligi va noma’lum qarzlarning katta miqdori.

«Bundan tashqari, mamlakatlar aholining qarishi va sog‘liqni saqlash masalalarini hal qilish, yashil iqtisodiyotga o‘tish va iqlim o‘zgarishiga moslashish, shuningdek, geosiyosiy keskinlik kuchayishi sababli mudofaa va energiya xavfsizligini ta’minlash uchun ko‘proq mablag‘ sarflashi kerak», deb ta’kidlaydi XVJ.

«O‘ta noqulay ssenariyda jahon davlat qarzi uch yil ichida yalpi ichki mahsulotning 115 foizini tashkil qilishi mumkin, bu joriy prognozdan deyarli 20 foiz punktga yuqori», deyiladi bayonotda.

Jamg‘arma tahlilchilarining prognozlariga ko‘ra, mamlakatlarning uchdan ikki qismida qarz barqarorlashadi yoki kamayadi, ammo qarz yuki hali ham pandemiyagacha bo‘lgan davrga nisbatan kutilganidan ancha yuqori.

AQSh, Buyuk Britaniya, Braziliya, Fransiya, Italiya va Janubiy Afrika kabi mamlakatlarda davlat qarzi o‘sishda davom etishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlaridan olingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshida Qozog‘iston eng ko‘p davlat qarziga egaligi (59,8 mlrd dollar), Tojikiston (3,6 mlrd dollar) nisbatan eng kamiga egaligi aniqlangan.

Davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati bo‘yicha Turkmaniston qarzi (5 foiz) eng qulay holatda, davlat qarzining YaIMga nisbatan eng yuqori nisbati Qirg‘izistonda (45,2 foiz) qayd etilgan.

Umuman olganda, 2024 yil 1 yanvar holatiga Markaziy Osiyo davlatlarining davlat qarzi quyidagicha:

- Qozog‘iston – 59,8 mlrd dollar, YaIMning 23 foizi;

- O‘zbekiston – 34,9 mlrd dollar (29,6 mlrd dollar – tashqi, 5,3 mlrd dollar – ichki qarz), YaIM 34,4 foizi.

- Qirg‘iziston – 6,2 mlrd dollar (4,6 mlrd dollar – tashqi, 1,6 mlrd dollar – ichki), YaIM 45,2 foizi;

- Turkmaniston - 3,8 mlrd dollar, YaIM 5 foizi;

- Tojikiston – 3,6 mlrd dollar (3,2 mlrd dollar – tashqi qarz, 0,4 mlrd dollar – ichki qarz), YaIM 30,2 foizi;

Mavzuga oid