Iqtisodiyot | 19:18 / 18.10.2024
3146
4 daqiqa o‘qiladi

“Budjet defitsiti kabi fundamental xatarlar muhimroq” - Behzod Hamroyev inflatsiya haqida

Markaziy bank 31 oktyabr kuni pul-kredit siyosatining uch yillik asosiy yo‘nalishlarini e’lon qiladi. 5 foizlik inflyatsion targetning yangi muddati o‘rnatilishi kerak. MB boshqaruvi a’zosi Behzod Hamroyevning aytishicha, yoqilg‘i yoki go‘sht narxlarining oshishi vaqtinchalik omillar bo‘lib, inflatsiya shakllanishida budjet defitsiti yoki imtiyozli kreditlash kabi fundamental omillar muhimroq o‘ringa ega.

Behzod Hamroyev / Arxiv foto

Markaziy bank asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha 2024 yil 24 oktyabrga belgilangan boshqaruv yig‘ilishini 31 oktyabrga ko‘chirdi. Regulyator buni iqtisodiy istiqbollar bo‘yicha yangilangan prognozlar va 2024 yil III choragi bo‘yicha mamlakatning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari oktyabr oyining ikkinchi yarmida e’lon qilinishi, ishlab chiqilayotgan makroiqtisodiy tahlil va prognozlarga ushbu yangilangan ko‘rsatkichlar asos bo‘lishi bilan izohladi.

Ammo iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, buning asosiy sababi inflatsiya bo‘lishi mumkin.

“Isitish mavsumi arafasida kutilmalar yomonlashmoqda, xavotirlar kuchaygan. Gaz bo‘yicha ilk oshirilgan tariflarni aholi aynan endi his qila boshlaydi (maydan sentabrgacha bu his qilingani yo‘q). Shonli energetiklarning antiislohotlari natijasida narxi tinimsiz qimmatlayotgan yoqilg‘i uchun shoxobchalarda navbatlar va taqchillikning ilk belgilari ko‘rina boshladi. Ilk kuz yomg‘iri ta’minotdagi uzilishlar bu yil ham davom etishini ko‘rsatdi.

Xullas, yakuniy qaror uchun inflatsiya dinamikasini kuzatishga yana vaqt kerak”, – deb yozdi u.

18 oktyabr kuni “O‘zbekistonda Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev jurnalistlar bilan suhbatlashdi. Uning Kun.uz muxbiri savoliga javoban aytishicha, navbatdagi yig‘ilishda monetar siyosatning oldindagi asosiy yo‘nalishlari va 5 foizlik inflatsiyaga erishish bo‘yicha target muddati e’lon qilinishi kerak.

“Bir haftadan keyin ko‘ramiz, hamma hisob-kitoblarimizni tugataylik. Bu safargi yig‘ilishda monetar gayd – asosiy yo‘nalishlarimizni e’lon qilishimiz va asosiy targetga qachon yetishimizni ko‘rsatishimiz kerak. O‘tgan safar ham jurnalistlar nega asosiy targetga yetish vaqtini aniq aytmayapsizlar, deb so‘rashdi. Chunki yilda bir marta ko‘rib chiqiladi. Asosiy yo‘nalishda ishlayapmiz, 31 oktyabrda aniq bo‘ladi”, – dedi u.

MB boshqaruvi a’zosining fikricha, go‘sht yoki yoqilg‘i narxlarining oshishi u yoki bu segmentda kuzatiladigan vaqtinchalik xatarlar bo‘lib, bozorda taklif ko‘payishi bilan, muammo hal bo‘ladi. Budjet defitsiti, imtiyozli kreditlash ko‘lami kabi fundamental xatarlar bulardan muhimroq.

“Aytaylik, taklif tomonidan biror uzilishlar, masalan, go‘sht bilan bo‘lgan holat shu yil iyul oyidan boshlangan bo‘lsa, go‘shtning ulgurji narxlari oshishi bizda avgust oyida ko‘rindi. Sizlar bir necha bor muhokama qilgansizlar, yoqilg‘i narxlari, propan-metan narxlarini – bular vaqtinchalik. Qachondir taklif tomonidan masalasi yechiladi. Bitta bozorda kamayib qolsa, boshqa bozordan kirib keladi yoki to‘xtaydi. Muhimi – fundamental xatarlar. Budjet defitsiti bu yil 4 foiz, keyingi yil 3 foiz yoki undan pastroq ushlab turilishi kabi faktorlar asosiysi hisoblanadi. Yoki imtiyozli kreditlarning kamayishi, bozor shartlaridagi kreditlashga o‘tilishi… Fundamental faktorlar yechilishi muhim. Vaqtinchaliklar doim bo‘ladi, bittasi chiqadi, yechiladi, ertaga boshqasi chiqadi”, – deydi regulyator rasmiysi.

Kecha, 17 oktyabr kuni prezident huzurida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va kelgusi yilgi budjet mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda 2025 yilgi inflatsiya 7 foizdan oshmasligi, 2026 yilda 5-6 foiz darajasida saqlanishi, bu ko‘rsatkich 2027 yildan boshlab 5 foizga tushirilishi aytildi.

Markaziy bankning 2023 yil oktyabr oyida tasdiqlangan asosiy ssenariysiga ko‘ra, 5 foizlik inflatsiya targetiga 2025 yilning 2-yarmida erilishi ko‘zda tutilgan edi. Muqobil ssenariyda esa bu muddat 2026 yil oxirigacha kechikishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid