Iqtisodiyot | 12:16 / 18.10.2024
7725
3 daqiqa o‘qiladi

7 yilda 2 barobar o‘sish? O‘zbekiston 2030 yilda YaIMni 200 mlrd dollarga yetkazishi aytildi

Prezident yalpi ichki mahsulot hajmini 2030 yil yakunlariga ko‘ra 160 emas, 200 mlrd dollarga, jon boshiga YaIMni esa 4000 emas, 5000 dollarga yetkazish imkoniyatlari borligini ta’kidladi, deya ma’lum qildi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov. Bu ko‘rsatkichlarga erishish uchun O‘zbekiston iqtisodiyoti keyingi 6 yilda o‘rtacha 10 foizdan o‘sishi kerak.

"O‘zbekiston 24" lavhasidan kadr

O‘zbekiston hukumati 2030 yilgi yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha prognozni yaxshilab, 160 mlrd dollardan 200 mlrd dollargacha ko‘tarishi mumkin. Bu haqda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar masalasida prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishdan keyin iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov ma’lum qildi.

“Prezidentimiz 2030 yilga borib YaIMni 160 emas, bemalol 200 mlrd dollargacha olib chiqishimiz, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIMni 4000 dollar emas, 5000 dollardan ham ko‘proq miqdorga olib chiqish imkoniyatlarimiz borligini ko‘rsatib berdilar”, – dedi Norqulov “O‘zbekiston 24”ga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inflatsiya bo‘yicha prognozlar ham qayta ko‘rib chiqilgan.

“Prezidentimiz tomonidan 2025 yildagi davlat budjetini shakllantirish va uning ijrosini ta’minlashda tejamkorlik va barqarorlikka rioya etish, eng asosiysi, davlat budjeti taqchilligini 3 foizgacha tushirish, inflatsiya darajasini 7 foizdan oshirmaslik vazifasi qo‘yildi. Inflatsiya 2026 yilda 5-6 foiz darajasida saqlanishi va 2027 yildan boshlab 5 foiz va undan past bo‘lishi kutilyapti”, dedi vazir o‘rinbosari.

Ilhom Norqulovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonning suveren reytingini investitsion darajaga olib chiqish bo‘yicha ham topshiriq berilgan. U 2024 yil yakunlari bo‘yicha YaIM hajmi 111 mlrd dollarga yetishi kutilayotganini aytdi.

Rasmiylarga ko‘ra, 9 oylik yakunlariga ko‘ra iqtisodiyot 6,6 foizga o‘sgan, yil yakunigacha o‘sish kamida 6 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

Avvalroq Statistika agentligi, Jahon banki missiyasi bilan birgalikda, yashirin iqtisodiyotni ham inobatga olgan holda YaIM hajmini qayta baholashdan o‘tkazgan edi. Natijada O‘zbekiston iqtisodiyotining 2023 yildagi hajmi dastlab e’lon qilingan 90,8 mlrd dollar emas, 101,6 mlrd dollar bo‘lgani qayd etildi.

Ushbu raqamni inobatga olganda, rasmiy xabarlarda aytilayotgan ikki raqam – 2024 yilda 6 foizlik o‘sish kuzatilib, YaIM hajmi 111 mlrd dollarga yetishi bir-biriga nomutanosib ko‘rinadi.

Shuningdek, yil yakunida O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmini 111 mlrd dollar deb olganda, 2030 yilga borib 200 mlrd dollarlik YaIMga ega bo‘lish uchun YaIM yiliga taxminan 10,3 foizdan o‘sishi kerak. Bu Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro tashkilotlarning yaqin yillar uchun eng optimistik kutilmalaridan ham ancha yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mavzuga oid