O‘zbekiston va Kuvayt hukumatlari o‘rtasida yirik loyihalar amalga oshirilishi mumkin
TIVda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining maslahatchisi Munira Aminova va Kuvayt Tashqi ishlar vazirligining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Ahmed al-Ilaj o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
15-21 oktyabr kunlari Kuvayt ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
Suhbat chog‘ida Kuvayt tomoni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning 12-14 avgust kunlari Kuvaytga tashrifi yakunlarini yuqori baholadi va muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun barcha sa’y-harakatlarni safarbar etishga tayyorligini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanayotgani alohida qayd etildi. Poytaxtda kuvaytlik tadbirkorlar delegatsiyasi ishtirokida biznes-forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ular hamkorlikda yangi o‘sish nuqtalarini topishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, kuvaytlik investorlarni O‘zbekiston iqtisodiyotiga faol jalb etish maqsadida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida yirik loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.