O‘zbekiston | 11:30 / 19.10.2024
3356
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zLiDeP: “Qudratli yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!”

Xiva shahridagi Ichanqal’a majmuasi Ko‘hna ark maydonida “Erkin va farovon, qudratli yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida O‘zLiDeP saylovoldi targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Foto: O‘zLiDeP

“Ochiq osmon ostidagi muzey” deya e’tirof etilgan Xiva shahrida o‘tkazilgan tadbirda mingdan ziyod tadbirkorlar, fermerlar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va san’at sohasi vakillari, partiya faollari hamda talaba yoshlar ishtirok etdi.

Targ‘ibot tadbirida partiyaning kelgusi besh yillikdagi ustuvor vazifalari, barcha soha va yo‘nalishlarni qamrab olgan saylovoldi dasturidagi vazifalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, partiya saylovoldi dasturida raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalarni rivojlantirish, sun’iy intellektdan unumli foydalanishni rag‘batlantiruvchi huquqiy va moliyaviy sharoitlarni yaratish, raqamli sanoatni jadal rivojlantirish dasturlari qabul qilish taklifini ilgari surmoqda. Raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan korxonalarning eksport faoliyatini jadallashtirish, “Chip sanoati”, sun’iy intellekt, nanotexnologiyalar va shu kabi zamonaviy ilg‘or tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish yuzasidan partiyaning aniq rejalari to‘g‘risida fikr yuritildi. Shuningdek, partiya chekka hududlarda ta’lim va sog‘liqni saqlash tashkilotlaridagi yuqori malakali mutaxassislar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish, qo‘shimcha ta’til kunlari, sayohat uchun to‘lovlar, uy-joy ijarasini o‘z ichiga olgan “Ijtimoiy paket” tizimini joriy etishni taklif etmoqda.

Bundan tashqari, O‘zLiDeP shifokorlarni xorijiy mamlakatlarga tajriba almashish uchun davlat hisobidan yuborishda nodavlat tibbiyot tashkilotlari shifokorlari uchun ham kvotalar ajratish, davlat tibbiy sug‘urtasi bilan birga nodavlat tibbiy sug‘urta tizimini joriy etishni muhim tashabbus sifatida ilgari surmoqda.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar bo‘lajak saylovlarda O‘zLiDePni qo‘llab-quvvatlab ovoz berishga chaqirildi. Targ‘ibot tadbiri mashhur san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlariga ulanib ketdi.

Reklama

Mavzuga oid