O‘zbekiston | 16:20 / 21.10.2024
6503
3 daqiqa o‘qiladi

Gaz qazib olishning qisqarishi 1,7 mlrd kubga yetdi, benzin ishlab chiqarish ham kamayib boryapti

Joriy yilning 9 oyida O‘zbekistonda gaz qazib olish 4,8 foizga, neft qazib olish esa 7,3 foizga qisqardi. Ichki qazib olish ko‘rsatkichining yomonlashib borayotganiga qaramay, gaz sotish hajmi oshib boryapti. Xususan, yil boshidan beri gaz eksporti 16,5 foizga ko‘payib, 480 mln dollarga yetdi.

Foto: Epsilon

Statistika agentligi 2024 yilning yanvar-sentabr oylaridagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida gaz qazib olish hajmi 35,16 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,67 mlrd kub yoki 4,8 foizga qisqargan.

2024 yilning yanvar-sentabr oylaridagi gaz qazib olish ko‘rsatkichlari:

  • Yanvar – 3,99 mlrd kub (o‘tgan yilning mos davrida – 4,31 mlrd kub);
  • Fevral – 3,71 mlrd kub (3,85 mlrd kub);
  • Mart – 3,89 mlrd kub (4,16 mlrd kub);
  • Aprel – 3,7 mlrd kub (3,94 mlrd kub);
  • May – 3,52 mlrd kub (3,6 mlrd kub);
  • Iyun – 3,54 mlrd kub (3,7 mlrd kub);
  •  Iyul – 3,78 mlrd kub (3,9 mlrd kub);
  • Avgust – 3,78 mlrd kub (3,9 mlrd kub);
  • Sentyabr – 3,55 mlrd kub (3,7 mlrd kub).

Ma’lumot uchun, 2022 yilda ham gaz qazib olish 53,8 mlrddan 51,67 mlrd kub metrgacha yoki 4 foizga, 2023 yilda esa 51,67 mlrddan 46,71 mlrd kub metrgacha yoki 9,6 foizga qisqargandi.

Gaz qazib olishning qisqarib borishi fonida import hajmi oshib boryapti. Xususan, yanvar- sentabr oylarida xorijdan 1 mlrd 278 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda qariyb 3,6 barobarga ko‘p. 

 O‘z navbatida umumiy davr uchun gaz eksporti 16,5 foizga yoki 480 mln dollargacha oshgan. Ayniqsa, oxirgi oylarda gaz sotish hajmi keskin ko‘paydi.

Dastlabki 9 oylikda ko‘mir qazib olish 5 mln 327 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,4 foizga oshgan.

Shuningdek, hisobot davrida neft qazib olish 585 ming tonnadan 542 ming tonnaga (-7,3 foiz) kamaygan bo‘lsa, gaz kondensati ishlab chiqarish 902 ming tonnadan 922 ming tonnaga oshgan.

Yanvar-sentabr oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,3 foizga yoki 2,5 mlrd kWhʼga ko‘paygan. Xususan, 2023 yilning 9 oyida 57,8 mrld kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 60,3 mlrd  kWhʼgacha oshgan.

Hisobot davrida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 776 ming tonnadan 777 ming tonnaga oshgan bo‘lsa, benzin ishlab chiqarish 1 mln 6 ming tonnadan 995 ming tonnaga kamaygan.  

Mavzuga oid